O‘zbekistonda ilk kichik quvvatli AES qurilishi 2025-yilda boshlanadi
Jizzax viloyatida kotlovan qazish ishlari kuzda start oladi, birinchi beton quyish esa kelasi yil mart oyiga rejalashtirilgan
2025-yil kuzida Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun kotlovan qazish ishlari boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan World Atomic Week forumida “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxodjayev ma’lum qildi.
“O‘zatom” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir yil ichida katta o‘zgarishlar bo‘ldi: maydonda yer ishlari boshlandi, barcha tadqiqotlar yakunlandi. U ta’kidlashicha, kuzda kotlovan qurilishi boshlanadi, chunki davlat rahbari kelasi yil mart oyida kichik modul reaktori uchun birinchi beton quyilishini boshlashni topshirgan. Axmedxodjayev qo‘shimcha qildi, O‘zbekiston ushbu maqsadga erishish uchun ish jarayonini qayta tashkil etgan.
Shuningdek, uning aytishicha, hozirda O‘zbekiston va Rossiya tartibga soluvchi organlari bilan zarur ruxsatnomalar va litsenziyalarni olish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda. Bundan tashqari, loyiha ustidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) doimiy nazorat olib bormoqda, bu esa barcha xalqaro me’yor va xavfsizlik standartlariga rioya etilishini ta’minlaydi.
Axmedxodjayevning ta’kidlashicha, bu masala O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim, chunki mamlakat texnologik yutuqlar yoqasida turibdi. Respublika o‘zini nafaqat ushbu loyihani amalga oshiruvchi maydon sifatida, balki kichik modul reaktorlarini joriy etishda yetakchi sifatida ham ko‘rmoqda. Kelgusida O‘zbekiston tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash va kichik modul stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z maktabini yaratish markaziga aylanishni maqsad qilmoqda. Bu esa, ayniqsa, mamlakatning olis hududlarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni markazlashtirmaslik imkonini beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ