“Soliq-servis” va “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” xususiylashtirilmaydi
Har ikki unitar korxona Soliq qo‘mitasi muassisligida aksiyadorlik jamiyatlar sifatida qayta tashkil etiladi

Foto: Yandex map
2 yil avvalgi qaror bilan Soliq qo‘mitasi qoshidagi “Soliq-servis” DUK va “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” DUKning 100% davlat ulushi sotilishi belgilangandi.
Yangi qaror bilan har ikki DUK xususiylashtiriladigan aktivlar ro‘yxatidan chiqarib tashlangan. Shuningdek, “Soliq-servis” DUK va “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” DUK Soliq qo‘mitasi muassisligida aksiyadorlik jamiyatlar sifatida qayta tashkil etiladi.
“Soliq-servis”, xususan, soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik jihatdan ko‘maklashish, shuningdek, hisobotlar va deklaratsiyalarni qabul qilish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga amaliy yordam berish bilan shug‘ullanadi.
“Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” esa mashhur Soliq.uz ilovasining operatori hisoblanadi. Har ikki unitar korxonaning aksiyadorlik jamiyatiga aylanishi hisob, hisobdorlik va ma’lumotlar ochiqligini kengaytiradi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning o’zining Telegram-kanalida yozishicha, aslida, 2025-yil 8-maydan boshlab O‘zbekistonda unitar korxona maqomi qonun bilan bekor qilindi. Lekin o‘nlab unitar korxonalar maqomini o‘zgartirmay faoliyat ko‘rsatishda davom etmoqda. Ularning orasida O‘zbekistondagi eng yirik korxonalar ham bor. Mazkur unitar korxonalarni “Soliq-servis” DUK va “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” DUK misolidagi kabi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi to‘g‘ri qadam bo‘lgan bo‘lardi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ