2028-yilgacha servis kompaniyalarida ijtimoiy soliq 1% miqdorida qoladi
Tartib 3 mln so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha ishchilarga qo‘llaniladi
![2028-yilgacha servis kompaniyalarida ijtimoiy soliq 1% miqdorida qoladi](https://kapital.uz/wp-content/uploads/2025/02/photo_2025-02-07_14-10-49.jpg)
Bugun 7-fevral kuni Prezident Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 2028-yilgacha ijtimoiy soliq 1% miqdorida qolishi belgilandi. Ammo bu imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 mln so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llanishi belgilandi.
Va aksincha, xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.
Avvalroq, O‘zbekiston 2025-yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 30% ga oshirilishi haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, yig’ilishda quyidagi loyihalar amalga oshiriladi:
- 1-martga qadar 11 ta, 1-oktyabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rish topshirildi. Bu borada Raqobat qo‘mitasining mas’uliyati belgilandi.
- 2025-yilda IT xizmatlari hajmini 30% ga oshirib, 80 trln so‘mdan, eksportini $1 mlrddan oshirish zarurligi ta’kidlandi.
- Mahalliy ekspeditorlarni xalqaro tashishdagi ulushini oshirish uchun ular QQS to‘lashdan ozod etildi. Buning hisobiga Transport vazirligi mahalliy korxonalar ulushini bu yil 25% ga, 2026-yilda 50% ga olib chiqiladi.
- Bu yil 15 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, aviatsiya xizmatlari hajmini kamida 20% ga oshiriladi.
- 2030-yilga borib, tranzit yuk hajmini 22 mln tonnaga yetkazish reja qilingan. Shu bois mutasaddilarga 72 ta zamonaviy yo‘l bo‘yi servis obyektlarini qurish uchun avtomobil yo‘llari yoqasidagi bo‘sh yerlarni tadbirkorlarga berib, ishga tushirish topshirildi.
- Yirik multimodal logistika markazlari sonini 2 karra ko‘paytirish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilib, ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ