2025-yilda jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijara to’lovining minimal stavkalari belgilandi
Shuningdek, deputatlar stavkani 2% gacha oshirishi mumkin

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilda jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijara to’lovining minimal stavkalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda belgilangan.
Unga ko’ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalariga nisbatan tumanlar va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishi darajasiga qarab 2,0 gacha oshiruvchi koeffitsiyentni joriy etishga haqli. Bu holda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi tomonidan ushbu koeffitsiyentdan yer solig‘ini hisob-kitob qilish maqsadlari uchun belgilangan zonalar kesimida foydalaniladi.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etishga haqli.
Shuningdek, ushbu stavkalar ko’chmas mulkdan tekin foydalanish shartnomalari uchun ham qo’llaniladi. Yaqin qarindoshlar o’rtasida tuzilgan shartnomalar bundan mustasno.
Avvalroq, YaTTlar uchun soliq stavkalari xalq deputatlari tomonidan belgilanishi haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ