JICA investitsiyalari fonida Toshkent IEM elektr energiyaishlab chiqarishni oshirdi

Markaz Toshkentning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 12%ni, issiqlik ta’minotining esa 17%ni qoplaydi

JICA investitsiyalari fonida Toshkent IEM elektr energiyaishlab chiqarishni oshirdi

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Toshkent issiqlik elektr markazida (Toshkent IES) OAV vakillari uchun press-tur tashkil etdi. Tashrif davomida jurnalistlarga JICA ko‘magida amalga oshirilgan $115 mlnlik investitsiya loyihasi natijalari, shuningdek, 2024-yilda ishga tushirilgan yangi gaz-turbina qurilmalari taqdim etildi.

Toshkent issiqlik elektr markazi 2024-yilda ikki yangi gaz-turbina qurilmasi ishga tushirilgach, elektr energiyasi ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi hamda energiya samaradorligini yaxshiladi.

Har biri 32 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita zamonaviy gaz-turbina qurilmasi (umumiy elektr quvvati — 64 MVt) 2024-yilda qurilib, may oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida rasmiy ravishda ishga tushirilgan. Loyihaning umumiy qiymati $115 mlnni tashkil etdi.

Shundan:

  • $102 mln — JICA krediti;
  • $12 mln — O‘zbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlari ko‘rinishidagi hissasi;
  • $1 mln — energetika sohasining o‘z mablag‘lari.

Bosh pudratchi sifatida Turkiyaning Çalık kompaniyasi ishtirok etdi. Asosiy uskunalar Mitsubishi Power (Yaponiya) tomonidan yetkazib berildi. Qozon-utilizatorlar Xitoyda, generatorlar Hindistonda ishlab chiqarilgan, transformatorlar esa O‘zbekistonda tayyorlangan.

Ishlab chiqarish hajmining oshishi va gaz tejalishi

Loyiha amalga oshirilgach, stansiyada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshdi:

  • 2023 yil — 343 mln kVt·soat;
  • 2024 yil — 621 mln kVt·soat;
  • 2025 yil (reja) — 736 mln kVt·soat.

Shu bilan birga, yoqilg‘ining solishtirma sarfi kamaydi. Agar 2023-yilda tabiiy gaz tejalishi 14 mln kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ushbu ko‘rsatkichni 40 mln kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.

Gaz-turbina qurilmalari kogeneratsiya rejimida ishlaydi, ya’ni bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Yangi qurilmalarning umumiy issiqlik quvvati 50 gigakaloriyadan ortiq bo‘lib, bu stansiyaning umumiy foydali ish koeffitsiyentini oshiradi.

Toshkent energotizimidagi o‘rni

Toshkent IEM:

  • Toshkent shahrining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 12%ni;
  • issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 17%ni ta’minlaydi.

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 110 kVli yuqori kuchlanishli tarmoqlar orqali yagona xaridor — “O‘zenergosotish” kompaniyasiga uzatiladi. Issiqlik energiyasi esa “Toshissiqenergo” orqali aholi va iste’molchilarga yetkazib beriladi. Markaz issiqlik bilan Toshkentning sakkizta tumanini ta’minlaydi.

Bugungi kunda markazning umumiy o‘rnatilgan quvvati 129 MVtni tashkil etadi. Gaz-turbina qurilmalaridan tashqari, obyektda 24 MVt quvvatga ega bug‘-turbina bloki ham faoliyat yuritadi.

Ekologiya va kadrlar

Markaz to‘liq tabiiy gaz asosida ishlaydi. Loyiha doirasida yoqilg‘ining to‘liq yonishini ta’minlovchi zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan bo‘lib, bu zararli moddalar chiqindilarini minimallashtiradi. Obyektda avtomatlashtirilgan ekologik monitoring stansiyalari faoliyat ko‘rsatadi va chiqindilar ustidan onlayn nazorat olib boriladi.

Loyiha doirasida 40 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Xodimlarning bir qismi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bo‘lib, ularning ayrimlari Yaponiyada malaka oshirgan. Energiya bloklarini boshqarish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Toshkent issiqlik elektr markazi 1939-yilda ishga tushirilgan. Dastlab ko‘mirda ishlagan stansiya keyinchalik to‘liq tabiiy gazga o‘tkazildi. Stansiyadagi birinchi gaz-turbina qurilmasi 2013-yilda Yaponiya granti asosida ishga tushirilgan bo‘lib, poytaxtda kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha bo‘lgan.

JICA ishtirokidagi yangi investitsiya loyihasi modernizatsiyaning navbatdagi bosqichi bo‘lib, Toshkentning asosiy energetika obyektlaridan biri bo‘lgan stansiyaning ishonchliligi, iqtisodiy samaradorligi va ekologik ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Navoiy va Toshkent viloyatlarida elektr energiyasini saqlash majmualari barpo etiladi
/
Navoiy va Toshkent viloyatlarida elektr energiyasini saqlash majmualari barpo etiladi
O‘zbekiston va JBIC $10 mlrddan ortiq loyihalarni amalga oshiradi
/
O‘zbekiston va JBIC $10 mlrddan ortiq loyihalarni amalga oshiradi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi kun pasayishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi kun pasayishda davom etmoqda