O‘zbekiston hamkor davlatlar bilan ichimliklar markirovka kodlarini o‘zaro tan oladi
Xorijiy markirovka kodlarini e-hisobvaraq va onlayn kassa cheklarida aks ettirish imkoniyati yaratiladi
O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida 2026-yil 1-iyuldan suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish tizimi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi hamkor davlatlarning raqamli markirovka kodlarini O‘zbekiston hududida tan olish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
2026-yil 1-aprelga qadar raqamli markirovka kodlari ma’lumotlari bo‘yicha axborot almashinuvi talablariga doir hujjatlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, bir oy muddatda xorijiy davlatlarning markirovka kodlarini elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa cheklarida aks ettirish imkoniyati yaratiladi.
Hujjatda “Asl belgisi” mahsulotlarini markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori raqamli markirovka ma’lumotlarini qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va himoya qilishni ta’minlashi belgilangan.
O‘zbekiston hududida shakllantiriladigan va muomalaga chiqariladigan raqamli markirovka ma’lumotlari mamlakat hududida joylashgan data-markazlarda saqlanishi va qayta ishlanishi shart etib belgilandi. Shuningdek, tovarlarning noqonuniy aylanishining oldini olish maqsadida bojxona organlari bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Raqamli markirovka haqidagi ma’lumotlar xorijiy davlat organlari va boshqa tashkilotlarga xalqaro shartnomalar asosida hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda uzatiladi. Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri hamda Soliq qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ