“Hyundai Rotem” poyezdlarida birinchi qatnov 2026-yilning mart oyida yo‘lga qo‘yiladi
Poyezdarning birinchi partiyasi qabul qilinib, Toshkent-Xiva yo‘nalishida ishga tushiriladi
Фото: Hyundai Rotem
10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning birinchi partiyasini jo‘natgani haqida xabar bergandi.
Changvon shahridagi Masan portidan Hyundai Rotem’ning birinchi poyezdi rejalashtirilgan muddatdan uch oy oldin jo‘natildi. The Korea Times gazetasi xabar qilishicha, 17 oy davomida ishlab chiqarilgan yetti vagonli birinchi tarkib 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga yetib kelishi kutilmoqda.
“Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi poyezdlar Toshkent-Xiva yo‘nalishida qatnov boshlaydi. Buning natijasida yo‘lga ketadigan vaqt hozirgi 14 soatdan 7,5 soatga qisqaradi.
Yo‘nalishning umumiy uzunligi 1286 kilometrni tashkil etgani holda, “Hyundai Rotem” poyezdlarining o‘rtacha tezligi soatiga 171 kilometrdan oshadi.
Bu poyezd mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan va keng izli yo‘lga ega bo‘lib, chang o‘tkazmaydigan tuzilishi tufayli yuqori harorat va cho‘l iqlimining qumli shamollari sharoitida ham barqaror ishlashni ta’minlaydi, deya ma’lum qildi “Hyundai Rotem” kompaniyasi.
“Temiryo‘lekspress” matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) rejalashtirilgan.
Har bir elektropoyezd yettita vagondan tashkil topgan: beshta ekonom-klass va ikkita biznes-klass. Poyezdning uzunligi 175 metrni, maksimal tezligi soatiga 250 kilometrni tashkil etadi, umumiy sig‘imi esa 389 yo‘lovchi o‘rnidan iborat. Shu bilan birga, Hyundai Rotem tarkiblari Afrosiyob poyezdlariga nisbatan qisqaroq bo‘lsa-da, sig‘imi kengroq hisoblanadi.
“Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlari O‘zbekiston iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan. Ular 50 daraja issiqda va minus 40 darajagacha sovuqda harakatlana oladi. Yozning jazirama oylarida poyezdlar bemalol harakatlana oladi, — deya ta’kidladi “Temiryo‘lekspress” vakili.
Sentabr oyida “Temiryo‘lekspress”ning 20 nafar xodimi malaka oshirish uchun Janubiy Koreyaga borib, amaliy va nazariy bilimlar bilan qaytib keldi. Kelgusi yilning birinchi choragida “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda yana 90 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan.
35 ta vagondan iborat qolgan beshta Hyundai Rotem poyezdlari 2027-yilgacha yetkazib berilishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ