O‘zbekistonga “Hyundai Rotem”ning tezyurar elektr poyezdlari dekabrdan yetkazib berila boshlaydi

Bunday poyezd qatnovi kelasi yil “Toshkent — Urganch — Xiva” yo‘nalishida ishga tushiriladi

O‘zbekistonga “Hyundai Rotem”ning tezyurar elektr poyezdlari dekabrdan yetkazib berila boshlaydi

O‘zbekiston yangi va qurilayotgan yo‘nalishlar uchun lokomotivlar, vagonlar va elektropoyezdlar parkini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 13-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish rejalari to‘g‘risidagi taqdimotda ma’lum qilindi.

Modernizatsiya dasturi doirasida Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovr va gibrid manyovrli teplovoz xarid qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta tezyurar elektr poyezdlarini olib kelish topshirilgan. Transport vaziri Ilhom Mahkamov telekanalga bergan intervyusida ular joriy yilning dekabr oyidan mamlakatga kela boshlashini ma’lum qildi.

Birinchi poyezd kelasi yili “Toshkent — Urganch — Xiva” yo‘nalishida ishga tushirilishi, bu qatnov vaqtini 14 soatdan 7,5 soatga qisqartirishi rejalashtirilgan. Yetti vagonli poyezd 351 yo‘lovchini sig‘dira oladi va 250 km/soat tezlikda harakatlana oladi.

Temiryo‘llarning xizmat ko‘rsatish sifati va o‘tkazuvchanligini oshirish uchun quyidagilar nazarda tutilgan:

  • 250 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlari qurish,
  • 23 ta shaharlararo elektr poyezdlarini sotib olish,
  • 10 mingta yuk vagonini qurish,
  • 6 mingtadan ziyodini tiklash,
  • 12 ta elektrovozni kapital ta’mirlash.

Transport vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent va aglomeratsiya o‘rtasidagi qatnov yo‘nalishlariga 23 ta elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilgan.

Bizda vodiyni bog‘laydigan, Qamchiq perevalidan o‘tadigan temiryo‘limiz bor va Surxondaryoni Qashqadaryo bilan bog‘laydigan Darband perevallarida harakatlanadigan poyezdlarga yangi, zamonaviy, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan, tog‘li hududda tez harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha bugungi dasturni himoya qildik va hurmatli prezidentimiz tomonidan o‘z roziliklari bildirildi, — dedi u.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Xitoyda elektromobillar savdosi fevral oyida 1,8 mln donagacha kamaydi
/
Xitoyda elektromobillar savdosi fevral oyida 1,8 mln donagacha kamaydi
Samarqand viloyatini rivojlantirishga 29 trln so‘m yo‘naltiriladi
/
Samarqand viloyatini rivojlantirishga 29 trln so‘m yo‘naltiriladi
Dalerxon Nodirov IT Park Ventures rahbari etib tayinlandi
/
Dalerxon Nodirov IT Park Ventures rahbari etib tayinlandi