“Humans” kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi
Javobgar sifatida O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti belgilangan

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi “Humans” kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi.
Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu da’vo 30-may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan.
Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ishtirok etadi.
Da’vogar tomoni O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 2003-yilda tuzilgan “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni da’vo asosi sifatida ko‘rsatgan.
Xorij OAVda tarqatilgan press-relizga ko‘ra, Humans Mobile “adolat va qonun ustuvorligini tiklash maqsadida”, O‘zbekistonning “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirishni ko‘zlagan.
2024-yil sentabrida Markaziy bank “Humans”ga qarashli “Maroqand” AJ to‘lov tashkiloti (UPay brendi) faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ygan edi. O‘shanda Markaziy bank Maroqand tomonidan qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib kelinganini bildirgan. Shu sabab, tashkilotning bank hisobvaraqlari orqali to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatlari 6 oy muddatga cheklab qo‘yilgandi.
Maroqand to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida 3 marta chaqirib, ogohlantirganmiz. Biz ochiq aytdik, aholining pulini bukmekerlik kontoralariga o‘tkazib berish bilan shug‘ullandi, shuning uchun ham 6 oyga cheklab qo‘ydik, – degandi Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmurodov 2024-yil 31-oktabrdagi matbuot anjumanida.
2025-yil 26-mart kuni Markaziy bank Maroqand’ning ayrim to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qilgan.
“Humans” kompaniyasi 2025-yil 8-may kuni Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, “O‘zbektelekom” AJga nisbatan aksilmonopol ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.
Qo‘mitaga yo‘llangan xatda “Humans” o‘zining ma’lumot uzatish tarmog‘iga ega bo‘lmagan virtual mobil operator (MVNO) ekani, shu sababli kompaniyaning faoliyati 2020 yil 22 may kuni tuzilgan shartnomaga asosan “O‘zbektelekom” infratuzilmasiga bog‘liqligini qayd etgan. “Humans”ning da’vosiga ko‘ra, 2021-yildan beri internet narxining sezilarli pasayganiga qaramay, “O‘zbektelekom” bazaviy tarifni pasaytirmasdan kelmoqda, “Humans” esa buni tashqi internet kanallari bozorida monopol mavqega ega “O‘zbektelekom” tomonidan monopol yuqori narx o‘rnatish deb hisoblaydi.
Virtual mobil operatorning Raqobat qo‘mitasiga shikoyatida bildirishicha, operator chakana bozordagi raqobat tufayli 2021-yildan beri mijozlari uchun narxlarni bir necha marta pasaytirishga majbur bo‘lgan, lekin “O‘zbektelekom” tomonidan tariflarning o‘zgartirilmasligi “Humans” xizmatlarining umumiy tannarxida infratuzilma xarajatlarining ulushi 58% gacha yetishiga olib kelgan. Bu esa “Humans” biznes modelini zararga ishlaydigan qilib qo‘ygan, shuningdek, erkin raqobatni amalda bloklab qo‘ygan.
Bundan tashqari, “Humans” o‘z xatida “O‘zbektelekom” tomonidan “monopol yuqori narx” qo‘llanilgani hisobiga qarzdorlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Natijada davlat kompaniyasi “Humans”ga ogohlantirish xati yuborib, taqdim etilayotgan internet tezligini 2025-yil 1-martdan boshlab pasaytirishi, qarzdorlik bartaraf etilmagan holda, 2025-yil 1-iyundan boshlab xizmat ko‘rsatishni to‘liq to‘xtatgan holda, sudga murojaat qilishini ma’lum qilgan.
Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” tomonidan “Humans”ga yo‘llangan, 2024-yil 27-mart sanasi qo‘yilgan xat tarqalgan edi. Unda “Humans”dan 532 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lash talab qilingan. Shundan 361,7 mlrd so‘mi – debitor qarzdorlik, 170,3 mlrd so‘mi penyalar ekani ko‘rsatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ