O‘zbekistonda Humans kompaniyasining sobiq top-menejeri hibsga olindi
PayWay hammuallifi Behzod Botirov qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanmoqda. ILMA so‘roviga ko‘ra ish qo‘zg‘atildi, hibsga olish muddati 2026-yil fevraligacha uzaytirilgan

Бехзод Ботиров Фото: Plus-Форум Digital Uzbekistan
PayWay to‘lov tashkilotining hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirov O‘zbekistonda noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda Kapital.uz nashri Humans kompaniyasiga tayanib xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Botirov 4-iyul kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tuman sudi qarori bilan qo‘lga olingan. Unga Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi — “qimor o‘yinlari yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish” bandi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Sud ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan, keyinchalik hibs muddati 2026-yil fevraligacha uzaytirilgan.
Botirovning advokatlari apellyatsiya bergan, biroq u rad etilgan. Humans kompaniyasi vakillarining aytishicha, himoya tomon tergovga ayblovlarni rad etuvchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etgan, ammo bu dalillar inobatga olinmagan.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ishning qo‘zg‘atilishiga Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan yuborilgan so‘rov asos bo‘lgan. Mazkur agentlik qimor o‘yinlari va garov faoliyatini tartibga soladi. Ularning ta’kidlashicha, UPay tizimi qonuniy operatsiyalar niqobi ostida qimor o‘yinlariga to‘lovlarni qabul qilgan, Botirov esa bunday operatsiyalarni texnik jihatdan amalga oshirishni ta’minlovchi tizim tashkilotchisi sifatida ko‘rsatilgan. Shu asosda tergov organlari sudga hibsga olish haqida iltimosnoma kiritgan.
Humans kompaniyasi vakillari Botirovni qamoqqa olish chorasi nisbatan og‘ir va noo‘rin ekanini bildirdi. Ularning fikricha, bu kabi iqtisodiy tusdagi ishlar odatda ma’muriy yoki fuqarolik-huquqiy tartibda hal etiladi. Kompaniyada qayd etilishicha, Botirov va boshqa tadbirkorlarga nisbatan bunday harakatlar O‘zbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga da’vo kiritilganidan keyin davlat organlarining bosimi kuchaygan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Kontekst
2024-yil sentabr oyida Markaziy bank Maroqand to‘lov tashkiloti (ya’ni UPay, Humans ekotizimiga kiradi) faoliyatini olti oy muddatga vaqtincha cheklagan edi. Bu qaror fuqarolarning mablag‘lari bukmekerlik kompaniyalariga o‘tkazilgani haqidagi shubhalar bilan bog‘liq bo‘lgan.
2025-yil 26-mart kuni Bank nazorati qo‘mitasi ushbu cheklovni bekor qilib, Maroqand faoliyatini tiklashga ruxsat bergan.
2025-yil may oyida Humans Mobile Ltd kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj ishini Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazi (ICSID) da boshlagan. Kompaniya Markaziy bank va “O‘zbektelekom” kabi davlat tuzilmalarining harakatlari biznes ekotizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirib, kompensatsiya talab qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ