Mamlakatda 1-sentabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nomi o‘zgartirildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqadi. Bu prezidentning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Unga ko’ra, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Portalda:
- “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi;
- “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari yo‘nalishlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ