Green Card lotoreyasiga ariza topshirish uchun to‘lov joriy etiladi
Buning ortidan AQSH Davlat departamenti $25 mln foyda ko‘rishi mumkin
Фото: ForumDaily New York
AQSH Davlat departamenti 16-sentabr kuni Diversity Visa (DV) ya’ni Green Card’ga ariza topshirish uchun $1 to‘lov joriy etilishini ma’lum qildi.
Joriy etilayotgan to‘lov elektron shaklda, ro‘yxatdan o‘tish vaqtida undirilishi ko‘zda tutilgan. Departament hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu tashabbus orqali taxminan $25 mln mablag‘ foyda ko‘rilishi kutilmoqda.
Bu o‘zgarish, lotereyada ishtirok etmoqchi bo‘lganlarga xarajatlarni teng taqsimlash imkonini beradi. Endi bu xarajatlar faqatgina g‘olib bo‘lgan kam sonli ishtirokchilarga emas, balki barcha ro‘yxatdan o‘tganlarga taalluqli bo‘ladi, deyiladi rasmiy bayonotda.
To‘lov 2025-yil oktabr oyi boshida boshlanishi kutilayotgan Green Card-2027 uchun joriy etiladi. Ariza topshirish sanasi hali rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, yaqin orada AQSH Davlat departamentining rasmiy sayti va Federal reyestrda to‘liq ma’lumot — ariza topshirish muddatlari, ishtirok etish talablari hamda qaysi davlat fuqarolari qatnasha olishi haqida e’lon qilinadi.
Avval xarajatlar faqatgina g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar tomonidan to‘lanadigan $330 miqdoridagi to‘lovga kiritilgandi. Endilikda esa, $1 to‘lov barcha ishtirokchilarga tatbiq etiladi, bu esa xarajatni ko‘pchilik orasida teng taqsimlashga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ