Talabalar uchun yangi imkoniyat: O‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab grantlar qayta taqsimlanadi

Bunda talabgorlarning o‘zlashtirishi GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi

Talabalar uchun yangi imkoniyat: O‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab grantlar qayta taqsimlanadi

2025-yil 10-mart kuni Vazirlar Mahkamasining 149-sonli qarori bilan oliy ta’lim muassasalarida ta’lim grantlarini taqdim etish va qayta taqsimlash tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat talabalarning bilim darajasiga qarab grantlarni adolatli taqsimlash, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Grant olish uchun asosiy talab — GPA 3,5 va undan yuqori

Yangi tartibga ko‘ra, davlat ta’lim grantlariga da’vogarlik qilish uchun talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) 3,5 va undan yuqori bo‘lishi shart. Ushbu mezonga javob bermaydigan talabalar grantni qayta taqsimlash jarayonida ishtirok eta olmaydi, va ularning o‘rni vakant hisoblanadi.

Talabgorlar oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, o‘z yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari mumkin bo‘ladi.

Baholash mezonlari aniq va shaffof

Ta’lim grantiga da’vogarlik qilayotgan talabalarning akademik va ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlari quyidagi tartibda baholanadi:

 • akademik o‘zlashtirish (GPA): 80 ballik mezon asosida (GPA * 16);

 • ijtimoiy faollik: 20 ballik mezon asosida (hisoblangan natija / 5).

Yakuniy ballar asosida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan talabalar grantga tavsiya etiladi. Agar bir nechta talaba teng ball to‘plagan bo‘lsa, avvalo GPA ko‘rsatkichi ustunlik qiladi. Bu ko‘rsatkich ham teng bo‘lgan taqdirda, mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.

Har yili 25-avgustga qadar grant ajratilgan talabalar ro‘yxati oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Ijtimoiy toifadagi abituriyentlarga qo‘shimcha grantlar

Yangi qarorga ko‘ra, davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10%gacha bo‘lgan qo‘shimcha kvota ijtimoiy himoyaga muhtoj abituriyentlar uchun ajratiladi. Bular — Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan toifadagi abituriyentlardir.

Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun abituriyentlar:

 • Tanlagan birinchi bakalavriat yo‘nalishiga hujjat topshirgan bo‘lishi;

 • Davlat grantiga belgilangan o‘tish balining kamida 80%ini to‘plagan bo‘lishi;

 • Ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinishi kerak.

Bu esa ijtimoiy toifadagi abituriyentlar uchun oliy ta’limga kirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlarida grant taqdim etish tartibi

Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 2024-2025 o‘quv yilidan o‘qishga kirib, muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lgan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etiladi.

Bunda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari har yili o‘zlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda oliy ta’lim tashkiloti grantini taqdim etadi.

Ijtimoiy toifadagi talabalar uchun foizsiz ta’lim krediti

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lgan ijtimoiy toifadagi talabalar uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Ushbu imtiyoz har yili yangilanib, tegishli davlat organlari tomonidan tasdiqlanadigan toifalar ro‘yxatiga asosan belgilanadi.

Bu qaror o‘zlashtirishi yuqori, ammo moddiy imkoniyatlari cheklangan talabalar uchun ta’limni davom ettirishda katta yordam bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Moliyaviy barqarorlik: biznes o‘sishini ta’minlash uchun foydani samarali taqsimlash
/
Moliyaviy barqarorlik: biznes o‘sishini ta’minlash uchun foydani samarali taqsimlash
O‘zbekistonda pullarni omonatga qo‘yish tartiblari va foydalari
/
O‘zbekistonda pullarni omonatga qo‘yish tartiblari va foydalari
Biznesni valyuta xatarlaridan himoya qilish bo‘yicha chek-list
/
Biznesni valyuta xatarlaridan himoya qilish bo‘yicha chek-list