O‘zbekistonda Google Pay va Apple Pay joriy etiladi
Google, Meta va NVIDIA raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratishga yordam beradi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, shuningdek, Google, Meta va NVIDIA kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish doirasida raqamli akademiya hamda startap-xablar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Vashingtonga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev yirik amerikalik korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliya tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari so‘nggi sakkiz yil ichida AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi to‘rt baravar oshgani, respublikada esa 300 dan ortiq amerika kompaniyalari faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
Strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Google, Meta va NVIDIA kompaniyalari bilan raqamli hamkorlikni kengaytirish belgilandi. Xususan, Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, shuningdek, raqamli akademiya hamda startap-xablar tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) hamda AQSh Eksimbanki jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay tizimlarini ishga tushirish rejalari 2024-yilda e’lon qilingan edi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga PayPal, Alipay va UniPay kabi xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazish, shuningdek, ularni mamlakat milliy to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga integratsiya qilish topshirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ