Yil yakuniga qadar O‘zbekiston geologik xaritasi to‘liq raqamlashtiriladi
Loyiha 1:200 000 masshtabda amalga oshirilib, 3 ming kv km hududda geokimyoviy tadqiqotlar tugatilishi rejalashtirilgan

Joriy yil yakunida respublika hududining 1:200 000 masshtabda to‘liq raqamli geologik xaritalar to‘plami yaratilishi rejalashtirilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mas’ul xodimi Nafisa Dulabova ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan geologiya–qidiruv ishlari natijasida respublika hududining geologik jihatdan o‘rganilganlik darajasi 128 ming kv kmdan 80 ming kv kmga yetkazildi.
Xususan, 2024 yilda respublikamiz hududlarining 75,0 ming kv km maydonining (Janubiy O‘zbekiston) 1:200 000 masshtabdagi raqamli geologik xaritalari tuzildi, 6 ming kv km maydonda (Molguzar va Hisor) kompleks kosmogeologik va geokimyoviy tadqiqotlar o‘tkazilib, maydonlarning yangilangan tektonik-strukturaviy sxemalari va ko‘p maqsadli geokimyoviy xaritalari yaratildi.
2025 yil boshidan beri Davlat dasturi doirasida 154 ta geologik loyiha bo‘yicha geologiya qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Yil yakunida respublika hududining 1:200 000 masshtabda to‘liq raqamli geologik xaritalar to‘plami yaratilishi hamda 3 ming kv km hududlarida mukammal kosmogeologik va geokimyoviy tadqiqotlar tugatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 3,5 ming kv km maydonda 1:50 000 masshtabdagi geologik qayta o‘rganish ishlari olib borilib, natijada hududlarning zamonaviy raqamli geologik xaritalar to‘plami yaratish va yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga erishiladi.
7,5 ming kv km ga teng kam o‘rganilgan maydonlarda zamonaviy yerni masofadan zondlash va 5 ming kv km aerogeofizik tadqiqot usullari bilan geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 303,6 ming metr maydonni burg‘ilash, 4,2 ming metr yer osti va 180 ming kub metr yerusti tog‘-kon ishlari, 6,6 ming km 2D va 1,8 ming kv km 3D seysmo-qidiruv ishlarini bajariladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ