Besh yil ichida “Gazprom”ning Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshadi
2030-yilga borib asosiy o‘sish O‘zbekiston hisobiga ta’minlanishi kutilmoqda
Фото: «РИА Новости»
Kelgusi besh yil ichida “Gazprom” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshishi mumkin. Bu haqda “Vedomosti” nashri “Gazprombank”ning iqtisodiy prognozlash markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, mintaqaga ehtimoliy yetkazib berish hajmi 19–20 mlrd kub metr atrofida baholanmoqda. Kompaniya sanksiyalar fonida Yevropa bozoriga mo‘ljallangan gaz hajmlarini muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltirish imkoniyatlarini izlamoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib “Gazprom”ning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksporti 2,1–2,2 barobarga oshishi mumkin. Ushbu o‘sishda asosiy ulush O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi — mamlakat import hajmini 3 mlrd kub metrdan 12 mlrd kub metrgacha oshirishi kutilmoqda. Bu holat respublikada gaz qazib olish hajmining kamayishi bilan izohlanmoqda.
Qozog‘istonda esa gaz ta’minoti bo‘yicha vaziyat hozircha aniq emas. Xitoy tomonidan bildirilayotgan shubhalarga qaramay, Ostona Rossiyadan Qozog‘iston orqali Xitoyga yo‘naltiriladigan yangi gaz quvuri loyihasini amalga oshirishga umid qilmoqda. Mazkur loyiha mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarini gazlashtirish imkonini berishi va yiliga qo‘shimcha 10 mlrd kub metr gaz yetkazib berishni ta’minlashi mumkin.
Eslatib o‘tilishicha, sanksiyalar sababli Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Yevropaga eksportni qariyb besh barobar qisqartirgan. Shu bilan birga, “Sila Sibiri – 2” gaz quvuri ishga tushirilgan taqdirda ham, kompaniya barcha bo‘shagan hajmlarni Xitoy bozoriga yo‘naltira olmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ