Endilikda onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirilmaydi
Shuningdek, ushbu onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash to'xtatiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Kredit tashkiloti frod holati oqibatida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaro surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb eʼtirof etilsa, mazkur kredit bo‘yicha hisob-kitoblar to‘xtatiladi.
Shuningdek, ushbu onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash hamda undirish amalga oshirilmaydi.
Kredit tashkiloti onlayn kredit ajratishda frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirishi mumkin.
Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undirishni davom ettiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ