Farmatsevtika va dorivor o‘simliklar loyihalariga soliq imtiyozlari beriladi
Yangi loyihalar 3 yilga yer, foyda va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ham ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda farmatsevtika va dorivor o‘simliklar loyihalariga soliq imtiyozlari beriladi. Bu haqda prezident 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan farmatsevtika sohasi bo‘yicha videoselektorda ma’lum qildi.
Xususan, 1-apreldan boshlab qayerda joylashganidan qat’i nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor o‘simlik yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishidagi loyihalar boshlanganidan e’tiboran 3 yil muddatga yer solig‘i, shuningdek, foyda va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilari ham xomashyo, uskuna, ehtiyot va butlovchi qismlar importi bojidan ozod qilinadi, farmatsevtika korxonalariga o‘z liniyasida biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Bundan buyon har yili 1-iyulgacha mahalliylashtirish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi.
Ro‘yxatdagi dorilarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7% li kreditlar beriladi.
Shuningdek, mavjud mahsulotlari bo‘yicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 10 yilgacha xorijiy valyutada 6% li, milliy valyutada 12% li kredit ajratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ