O‘zbekistondagi eng faol va eng faol bo‘lmagan banklar indeksi yangilandi
“Kapitalbank” hamon yetakchi bo‘lib qolmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yilning birinchi choragi uchun O‘zbekistonning 35 ta tijorat bankiga oid “Banklar faolligi indeksi”ni yangiladi. Banklar faoliyat hajmiga qarab 20 ta yirik va 15 ta kichik toifalarga ajratilgan.
Yirik banklar
2025-yildan boshlab yangilangan tasniflash reglamentiga ko‘ra, yirik banklar guruhida o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Jumladan, “Davr bank”, “Tenge bank” va “Anor bank” endilikda yirik banklar ro‘yxatiga kiritildi.
“Kapitalbank” reytingda yetakchilikni saqlab qolmoqda. “Hamkorbank” esa moliyaviy vositachilik, aktivlar sifati va boshqaruv samaradorligini yaxshilagan holda to‘rtinchi o‘rindan ikkinchiga ko‘tarildi. “Asia Alliance Bank” uchinchi o‘rinni saqlab qoldi.
“Anor bank” reytingda kuchli beshlikdan joy oldi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Trast bank” esa uchta pog‘onaga pasayib, beshinchi o‘ringa tushdi. “O‘zsanoatqurilishbank” bir pog‘ona yuqoriladi, “Aloqa bank” va “Biznesni rivojlantirish banki” esa barqaror pozitsiyalarini saqlab qolgan.
Aksincha, ko‘pgina banklarda faollik pasaygani qayd etildi. “O‘zmilliybank” va “Mikrokreditbank” oltita, “Invest Finans Bank” to‘rtta pog‘onani yo‘qotdi. “Oriyent Finans Bank”, “Ipoteka bank” va “Agrobank” ikki o‘ringa, “Ipak Yo‘li” va “Xalq banki” esa bir pog‘onaga tushib ketgan.
“Mikrokreditbank” kapital va aktivlar sifati yomonlashgani sababli oltinchi o‘rnini boy berdi. Bu holat moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va xatarlarni yanada samarali boshqarish zaruratini ko‘rsatmoqda.
ROA va muammoli kreditlar (NPL) ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Ipoteka bank” reytingning quyi yigirmataligida qolmoqda. Shu guruhda “Mikrokreditbank” (-6 o‘rin), “Biznesni rivojlantirish banki” (-5), “Kapitalbank”, “Trast bank”, “Turonbank” va “Agrobank” (har biri -3) ham bor. Aktivlar sifati hanuz bosim ostida, bu esa risklar bilan ishlashni kuchaytirishni talab qiladi.
Daromadlilik bo‘yicha ham salbiy dinamika kuzatilmoqda. “Agrobank” yana autsayderlar qatorida qolmoqda. “Xalq banki” (-3), “Aloqa bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Turonbank” va “Asaka bank” ikki pog‘onadan pastlagan.
Boshqaruv samaradorligi bo‘yicha “Asaka bank” (-7), “Invest Finans Bank” (-6), “Trast bank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” (har biri -4) eng salbiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Likvidlik jihatidan esa “Aloqa bank” 7 ta, “O‘zmilliybank” 5 ta, “Turonbank” esa 4 ta o‘rinni yo‘qotdi. Ular reytingning quyi qismida joylashgan.
Kichik banklar
Reyting qayta ko‘rib chiqilgach, to‘rtta bank kichik banklar toifasiga kiritildi. 15 ta kichik bankdan yettitasining faoliyati ijobiy dinamika ko‘rsatdi. Yetakchilar qatorida: “Universal Bank” (1-o‘rinni saqlab qoldi), “Hayot Bank” (8 pog‘onaga yuqorilab, 2-o‘rinni egalladi) va “TBC Bank” (3-o‘rin) bor.
Aksariyat kichik banklar o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, “KDB Bank Uzbekistan” va “Garant Bank” kapital ko‘rsatkichlari bo‘yicha salbiy natijalarni qayd etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ