Yangi bojxona mexanizmi orqali $500 mln investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
Shuningdek, yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmogʻini kengaytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi sakkiz yilda mamlakatimizda elektron tijorat hajmi 20 barobar oʻsib, $1,3 mlrdga yetdi. Raqamli platformalar soni 120 tadan ziyodni tashkil etmoqda. Oʻzini oʻzi band qilish tartibining kengaytirilgani, litsenziyalash va soliqqa tortishning soddalashtirilgani hisobiga sohada 750 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratilgan, budjetga esa har yili 200 mlrd soʻm qoʻshimcha soliq tushumlari taʼminlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4-4,6%ni tashkil etib, jahondagi oʻrtacha 22% lik koʻrsatkichdan 5 barobar kam ekani koʻrsatib oʻtildi. Mamlakatimizda ushbu ulushni 9-11% ga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.
Taqdimotda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishda import tovarlarini bojxona toʻlovlari va soliqlarini kechiktirilgan tartibda toʻlash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan maxsus ombor – bond omborlar tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, tovar uchun boj toʻlovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida $500 mln investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin. Bunday amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qoʻllanilayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil qilib, shundan 72% i Toshkent shahri va viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Mavjud omborlarning atigi 34% i zamonaviy “A” toifasiga mansub. Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keyingi besh yilda 2,5 mln kvadrat metr zamonaviy omborlar talab etiladi.
Shu munosabat bilan yurtimizda yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmogʻini kengaytirish taklif etildi.
Raqamli platformalarni hamda bond omborlarni soliq va bojxona tizimlari bilan chuqur integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi. Taqdimotda 2026-2028-yillar davomida tajriba tariqasida “import – bond ombori – maxsus elektron savdo platformasi – isteʼmolchi” zanjiri asosida yangi mexanizmni joriy etish taklifi bildirildi.
Unga koʻra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron savdo platformasi orqali sotiladi, bojxonada deklaratsiyalash va boj toʻlovlari esa bevosita sotuv bosqichida amalga oshiriladi. Bunday platformalar va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qoʻmitasida hisobga qoʻyiladi.
Shuningdek, bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishi, aylanma mablagʻlarga tushadigan yukni kamaytirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi va eksport raqobatbardoshligini oshirishi taʼkidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ