O‘zbekistonda elektron garov xatlari qonuniylashtirildi
Yangi qonun elektron garov xatidan foydalanish, uni o‘zgartirish tartibini belgilaydi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
12-fevral kuni “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qo‘yuvchi tomonidan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi kelishuv (qo‘shimcha kelishuv) shaklini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Elektron garov xatlari bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron garov xatiga doir huquqlar oluvchining depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran unga o‘tadi va depo hisobvarag‘idan ko‘chirma bilan tasdiqlanadi
Bundan tashqari, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etishni, bunday garov xati bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarishni, u bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni va undan foydalanishga doir boshqa mexanizmlarni belgilashni, shuningdek talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Avvalroq, O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsiz korxonalarga o‘z-o‘zini tiklash imkoni berilishi haqidagi Nizom tasdiqlangan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ