Eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha komissiyalar belgilandi
Bitim bekor qilingan taqdirda, mablag‘lar xaridorga qaytariladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha xizmatlar uchun komissiyalarning eng yuqori miqdorlarini e’lon qildi.
Regulyatorning tushuntirishicha, ko‘chmas mulk bo‘yicha operatsiyalar uchun komissiya BHMning 50% idan (206 ming so‘mgacha) oshmasligi kerak, avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar uchun esa BHMning 25% idan (103 ming so‘mgacha) oshmasligi lozim.
Agar xaridor va sotuvchiga bitta bank xizmat ko‘rsatsa, komissiya bir marta undiriladi. Ular turli banklarda xizmat ko‘rsatilgan taqdirda, har bir bank belgilangan komissiyaning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdorini (ya’ni jami komissiya miqdori belgilangan me’yordan oshib ketmasligi uchun) undirishga haqli.
Bitim bekor qilingan yoki amalga oshmagan holatlarda eskrou hisobvaraqqa joylashtirilgan mablag‘lar xaridorga qaytariladi.
Shu bilan birga, Markaziy bank belgilangan maksimal komissiya miqdorlari faqat davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat banklariga taalluqli ekanini ta’kidladi. Boshqa banklarda tariflar ularning ichki siyosatiga muvofiq belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda uy-joy va avtomobil sotib olishda hisob-kitob qilish tartibi o‘zgaradi. Prezident farmoniga ko‘ra, bitimlar naqd pulsiz shaklga o‘tkaziladi. Mablag‘lar eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi va faqat bitim notarial tasdiqlanganidan keyin sotuvchiga o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ