Ekin yerlarida nima ekilgani haqida ma’lumotlar “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi
Bir sotixda 5 mln so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90% i “keshbek” sifatida qaytarib beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Tomorqa va dehqon xo‘jaligi yerlari, ularda yetishtirilgan mahsulot hisobini yuritish uchun yil yakunigacha tomorqalar va ekin yerlari alohida tasniflanadi. Ularda nima ekilgani “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.
Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 mln so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90% i “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer solig‘i oshirilgan miqdorda undiriladi.
Dehqonlar va eksportchilarni o‘zaro bog‘laydigan “market pleys” ishga tushiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer tajriba tariqasida yangicha tartibda ijaraga beriladi. Bunda, konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qo‘yilib, 49 yilga ijaraga beriladi.
Bu yerlar tuproq tarkibi va sifati tahlili, kafolatli suv limitini eng past va eng yuqori chegaralari ko‘rsatilgan holda auksionga qo‘yiladi. Bunda, nafaqat shu hududdagi, balki boshqa viloyatdagi tadbirkorlar ham qatnashib, yer olishi mumkin bo‘ladi. Auksion boshlang‘ich narxni pasaytirib borish va bir yo‘la to‘lash sharti bilan o‘tkaziladi. U yerlarning bir qismiga saqlash va qadoqlash quvvatlari qurishga ham ruxsat beriladi.
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sug‘urta polisining o‘zi yetarli bo‘ladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.
Kelgusi yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham o‘zgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, to‘lanadigan soliq o‘zgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.
Avvalroq, “Kapital.uz” O‘zbekistonda 15 ta kompaniyani o‘z ichiga olgan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etilishi, har bir kompaniyaga byudjetdan 20 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratilishi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ