Dunyo bozorida oltin narxi keskin oshdi
Qimmatbaho metal tarixda ilk bor bir unsiya uchun $3 400 dan oshdi

Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun $3 400 dan oshdi. Chikago tovar birjasidagi (CME) savdolarda iyun fyucherslari kotirovkalari 2,19% ga o‘sib, bir unsiya uchun $3 401,3 ga yetdi.
Ma’lum qilinishicha, oltin AQSH dollarining yanada zaiflashishi va savdo urushi xavotirlari fonida qimmatlashmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan boshlangan savdo urushi bozorlarni muvozanatdan chiqarib, xavfli aktivlarga bo‘lgan talabni pasaytirdi. Bu esa xavfsiz aktiv hisoblangan oltinga sarmoyani oshirdi.
Dollarning DXY indeksi 1,29% ga pasayib, 98,234 punktni tashkil etdi. Bu 2022-yil 31-martdan boshlab uch yildan ortiq vaqt davomida kuzatilgan minimal darajadir. USDX — AQSH dollarining boshqa oltita asosiy valyutaga nisbatan qiymatini ko‘rsatadigan indeks.
Tramp Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellni ishdan bo‘shatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabar ham oltin bozoriga ta’sir ko‘rsatdi.
Pauellning lavozimdan olinishi nafaqat Markaziy bank mustaqilligi tamoyilini zaiflashtiradi, balki AQShning pul-kredit siyosatini siyosiylashtirish xavfini tug‘diradi. Bu esa bozorlar uchun xavotirli signal bo‘lishi mumkin, – dedi Oversea-Chinese Banking Corp. strategisti Kristofer Vong.
U agar Federal rezerv tizimiga bo‘lgan ishonch so‘roq ostiga qo‘yilsa, bu dollarga nisbatan ishonchni ham zaiflashtirib, oltin kabi xavfsiz aktivlarga oqimni tezlashtirishi mumkinligini aytdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ