Deputat banklardagi yuqori penya va jarimalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yubordi
O‘zLiDeP vakili kredit to‘lovlari kechiktirilganda qo‘llanilayotgan sanksiyalarni adolatli tartibga solishni so‘radi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zLiDeP deputati Diyor Xusanov jamoatchilik va tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan kredit penyasi, jarima va foizlarni adolatli tartibga solish bo‘yicha Markaziy banki raisi Timur Ishmetovga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda partiya axborot xizmati xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, ayrim tijorat banklari tomonidan kredit to‘lovlari kechiktirilganda, adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ravishda yuqori penya, oshirilgan foiz stavkalari va qo‘shimcha jarimalar qo‘llanilmoqda. Bu, o‘z navbatida, “jamoatchilik va tadbirkorlko‘rsatyaptiar o‘rtasida haqli e’tirozlarga” sabab bo‘lmoqda.
Bunday amaliyotlar, ayniqsa, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Xusanov Markaziy banki raisi Timur Ishmetovga deputatlik so‘rovi yubordi. So‘rovda tadbirkorlar va aholidan kelib tushayotgan murojaatlar masalasi, shuningdek, bank amaliyotida kuzatilayotgan muammolar ko‘tarilgani aytilmoqda.
Xususan, deputat kechiktirilgan to‘lovlar uchun qo‘llanilayotgan sanksiyalarning moliyaviy yuklamasini kamaytirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani, penya, foiz va jarimalarni adolatli hamda mutanosib qo‘llashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari yuzasidan aniq va asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan, — deya ma’lum qildi partiya axborot xizmati.
Markaziy bank pozitsiyasi
Avvalroq Markaziy bank kredit to‘lovlari kechiktirilgan hollarda ayrim tijorat banklari tomonidan “adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid” sanksiyalar qo‘llanilayotgani yuzasidan banklarga xat yuborgandi.
MB o‘rganishlari shuni ko‘rsatadiki, ayrim banklar tomonidan kechiktirilgan to‘lov summasi uchun hisoblanadigan foiz shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan 1,5−3 barobarga, ba’zi holatlarda esa yillik 150−180% gacha oshirilyapti. Shuningdek, qarzdor tomonidan foizlarni to‘lash muddati kechiktirilganda hisoblanadigan kunlik penyani hisoblash bo‘yicha eng yuqori chegara belgilanmagan holda, uning yillik miqdori kreditning dastlabki qiymatidan bir necha barobar oshib ketmoqda.
Bundan tashqari, har bir kechiktirish holati uchun kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanmoqda. Bir vaqtning o‘zida oshirilgan foiz stavkasi, penya va bir martalik jarima choralarining birgalikda qo‘llanayotgani holatlari ham qayd etilgani aytiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ