O‘zbekiston Kaspiy dengizi tubidan o‘tgan aloqa liniyasiga ulanadi
Buning uchun “DataVolt” kompaniyasi Toshkent shahrida, Yangi Toshkent va Buxoroda ma’lumotlar markazlarini quradi

O‘zbekiston Kaspiy dengizi tubidan o‘tgan aloqa liniyasiga ulanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “DataVolt” kompaniyasi ijrochi direktori Radjit Nanda “O‘zbekiston 24” telekanaliga ma’lum qildi.
15-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari, jumladan “DataVolt” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur kompaniya Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.
Prezident Yangi Toshkent va Buxoro shaharlarida ham shunday markazlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, boshqa Saudiya kompaniyalarining raqamli tashabbuslarda ishtirok etishiga tayyorligini bildirdi.
Yangi Toshkent va Buxoroda quvvati 210 MVt bo‘lgan zamonaviy ma’lumotlar markazlari qurish rejalashtirilgan.
“DataVolt” ijrochi direktori Radjit Nanda prezident bilan uchrashuvda kompaniya Toshkentdagi IT Park hududida quvvati 12 MVt bo‘lgan data-markazni ishga tushirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, poytaxtda Markaziy Osiyodagi birinchi yashil, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi ilk data markaz qurilayotgani ta’kidlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha qurilish ishlari jadvalga muvofiq olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “DataVolt” kompaniyasi Oracle va Amazon kabi yirik texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ