Tomorqada mahsulot yetishtirgan dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
Subsidiya “Onlayn mahalla” elektron platformasidan bank kartalariga o‘tkaziladi

Hukumat qarori bilan Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan grant, subsidiya, kredit va lizing ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qilmoqda.
Nizom dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grant, subsidiya, kredit va lizing ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagilar jamg‘arma hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash turlari hisoblanadi:
- har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsiya loyiha uchun BHMning 100 baravaridan oshmagan miqdorda grantlar ajratish;
- usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kurs uchun BHMning 15 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
- muayyan mahalladagi 50% xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratish;
Hududiy mehnat organi “mahalla yettiligi” tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra aniqlangan usta dehqonlar bilan mahallaning 50% xonadonlari tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni o‘rganib chiqadi.
Vazirlik o‘n ish kunida takliflarni o‘rganib, mahallaning 50% xonadoni tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yadigan usta dehqonlarni tanlaydi.
Hududiy mehnat organi bir ish kunida subsidiyani “Onlayn mahalla” elektron platformasidagi usta dehqonlarning bank kartalariga o‘tkazib beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ