MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondagi narxlar eng tez oshmoqda — tahlil

O‘tgan 2024-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari orasida eng yuqori inflyatsiya O‘zbekistonda qayd etildi

MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondagi narxlar eng tez oshmoqda — tahlil

O‘tgan 2024-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari orasida eng yuqori inflyatsiya O‘zbekistonda qayd etildi. Bu haqda Davlatlararo statistika qo‘mitasi hisobotida yozilgan.

Qo‘mita mintaqa davlatlarining qator iqtisodiy ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan. Inflyatsiya, yalpi ichki mahsulot, mehnat bozori, demografik tahlillar shular jumlasidan. 

Inflyatsiya

O‘tgan yil davomida hamdo‘stlik mamlakatlarining barchasi tovarlar va xizmatlar narxlarining doimiy o‘sishini boshdan kechirgan. Biroq O‘zbekistonda mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda isteʼmol narxlari o‘sishi eng yuqori surʼatda bo‘ldi. Yaʼni 2024-yilda respublikada inflyatsiya darajasi 9,8 ga yetdi. Keyingi o‘rinlarni kichik farq bilan Rossiya (9,5%) va Qozog‘iston (8,6%) egalladi.

Yil mobaynida mintaqaning boshqa mamlakatlarida isteʼmol narxlari indeksi pastroq darajada o‘sdi. Masalan, Moldovada bu ko‘rsatkich 7%, Qirg‘izistonda 6,3%, Belarusda 5,2%, Ozarbayjonda 4,9% va Tojikistonda 3,6% ni tashkil etgan.

Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari

Qo‘mita tahliliga ko‘ra, 2024-yilda hamdo‘stlik davlatlari orasida Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti eng yuqori darajada o‘sdi — 9%. Qolgan davlatlar iqtisodiy o‘sishi quyidagicha:

  • Tojikiston — 8,4%;
  • O‘zbekiston — 6,5%;
  • Turkmaniston — 6,3%;
  • Armaniston — 5,9%;
  • Qozog‘iston — 4,8%;
  • Ozarbayjon — 4,1%;
  • Rossiya — 4,1%;
  • Belarus — 4%;
  • Moldova — 0,6%.

O‘tgan yilda mintaqadagi umumiy iqtisodiy o‘sish 4,4% ni tashkil etgan.

2024-yili MDH mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti hajmi umumiy hisobda $2,86 trlndan oshgan. Shundan qariyb $2,1 trln Rossiyaga tegishli. Ko‘rinadiki, federatsiya iqtisodiy ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lish bilan birga, mintaqadagi barcha davlatlarning butun yillik yalpi ichki mahsulotidan ham uch baravar baland.

Yil davomida hamdo‘stlik davlatlari orasida ikkinchi yirik iqtisod hisoblangan Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti $288,1 mlrdga yetdi. O‘zbekistonniki $115 mlrdni tashkil qildi. Qolgan respublikalardagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • Turkmaniston — $83,9 mlrd;
  • Belarus — $76 mlrd;
  • Ozarbayjon — $74,3 mlrd;
  • Armaniston — $25,8 mlrd;
  • Qirg‘iziston — $17,5 mlrd;
  • Tojikiston — $14,2 mlrd;
  • Moldova — $13,2 mlrd.

Demografik ko‘rsatkichlar

Qo‘mita hisobotida yozilishicha, 2024-yilda MDH aholisi 252 mln kishini (dunyo aholisining 3% qismi) tashkil etgan. Shundan qariyb 146,2 mln nafari (58%) Rossiyaning, qolgan 106 mln nafarga yaqini boshqa davlar aholisidir. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ham federatsiya yetakchilikni saqlab turibdi.

O‘zbekiston mintaqada aholi soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qayd etilgan — 36,8 mln kishi. Keyingi o‘rinni Qozog‘iston band etgan — 20 mln kishi. O‘tgan yil avvalida mintaqaning boshqa davlatlari aholisi soni quyidagicha bo‘lgan:

  • Tojikiston — 10,3 mln kishi;
  • Ozarbayjon — 10,2 mln kishi;
  • Belarus — 9,2 mln kishi;
  • Qirg‘iziston — 7,2 mln kishi;
  • Turkmaniston — 7 mln kishi;
  • Armaniston — 3 mln kishi;
  • Moldova — 2,4 mln kishi.

Tahlilda 2024-yilning 9 oyi davomida mintaqa mamlakatlari aholi migratsiyasi bo‘yicha ham maʼlumotlar keltirilgan. Unga ko‘ra, o‘tgan yili Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada ijobiy migratsiya saldosi kuzatilgan. Bu davlatlarda migratsiya o‘sishi xorijiy va hamdo‘stlik mamlakatlari orasida muhojirlar almashinuvi orqali taʼminlandi.

O‘zbekistonda 2024-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha chet elga migratsiya oqimi ikki baravarga kamaydi. Bunda mamlakatdan chiqib ketayotganlar soni ham, kelayotganlar ham qisqargan.

Hisobot davrida Rossiyaga boshqa mamlakatlardan 799,8 ming migrant ko‘chib kelgan. Federatsiyadan xorijga ketganlar soni 381,1 ming kishini tashkil etgan.

Qozog‘istonga chet eldan 29,9 ming kishi kelgan bo‘lsa, respublikadan 12,8 kishi ko‘chib ketgan. O‘zbekistonga esa 1,7 ming kishi ko‘chib kelgan, 8,4 ming kishi ko‘chib ketgan.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish

2024-yilda mintaqada gaz qazib olish hajmi 839 mlrd kub metrni tashkil etib, 2023-yildagidan 6% ko‘proq bo‘lgan. Bu o‘sish asosan Rossiya ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq. Mamlakatda yil davomida 684,9 mlrd kub metr gaz qazilgan bo‘lib, bu bir yil avvalgidan 7% ga ko‘p.

O‘tgan yili Qozog‘istonda 59,2 mlrd kubometr (o‘sish 0,3%), Ozarbayjonda 50,6 mlrd kubometr (o‘sish 4,3%) gaz qazib olingan. O‘zbekistonda esa yil davomida 44,6 mlrd kub metr, yaʼni bir yil oldingidan 4,5% kam gaz qazilgan.

2024-yilda MDH mamlakatlarida 1 trln 472 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan 1,2 trln kVt/soati Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu hajm o‘tgan yilgidan 2,4% ga ko‘p.

Qozog‘iston yil mobaynida 117,9 mlrd kVt/soat (o‘sish 3,8%), O‘zbekiston 70,8 mlrd kVt/soat (pasayish 8,1%) elektr toki ishlab chiqargan. Qolgan davlatlarda ko‘rsatkichlar bundan ancha past darajada ekani qayd etilgan.

2024-yilda Qozog‘istonda 5 mln 463 ming tonna bezin ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda 1 mln 282 ming tonna, Ozarbayjonda 1 mln 255 ming tonna avtomobil yonilg‘isi ishlab chiqarilgani qayd etilgan. Ammo mazkur mahsulot bo‘yicha Rossiya ko‘rsatkichlari hisobotdan o‘rin olmagan.

Mehnat bozori va pensiya taʼminoti

Hisobotda maʼlum qilinishicha, 2024-yilda Hamdo‘stlik davlatlarida ishchi kuchi (ish bilan band va ishsizlar) 101 mln kishini tashkil etgan. Mintaqada ishsizlik darajasi ishchi kuchining 3,1% iga teng bo‘lib, 2023-yil mos davriga nisbatan 0,5% ga kamaygan.

Pensionerlar soni 2024-yil boshida 42 mln kishiga yoki umumiy aholining 18% iga yetgan. Yil davomida Rossiyadan tashqari barcha MDH mamlakatlarida pensionerlar soni ortdi.

Mintaqada pensiya yoshiga yetganidan keyin baʼzi pensionerlar ishlashda davom etadi. Jumlada, o‘tgan yil boshida Ozarbayjonda 184 ming pensioner ishlashni davom ettirgan, bu ish bilan band aholining 4% ini tashkil qiladi. Armanistonda 101 ming kishi (9%), Qirg‘izistonda 114 ming kishi (4%), Moldovada 175 ming (20%), Rossiyada 8 mln kishi (11%), Tojikistonda 54 ming (2%) odam pensiya yoshiga yetsa ham ishdan bo‘shamagan. Hisobotda O‘zbekiston bo‘yicha statistikalar keltirilmagan. Biroq 2023-yilda mamlakatda ish bilan band bo‘lgan har ming kishiga 344 nafar pensioner to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.

Eng kam ish haqi ko‘rsatkichlari

2024-yil noyabr holatiga ko‘ra, mintaqa davlatlari orasida eng kam ish haqining yuqori qiymati Turkmanistonda qayd etilgan — $365. Keyingi o‘rinda Moldova — $280. Uchinchi o‘rin Rossiyada — $228. Bu miqdor federatsiyadagi o‘rtacha ish haqining 22,3% iga teng.

Qolgan mamlakatlardagi eng kam ish haqi va uning o‘rtacha ish haqiga nisbatan ulushi quyidagicha:

  • Ozarbayjon — $202,9 (33,6%);
  • Armanistonda — $191,8 (25,8%) ;
  • Belarusda — $191 (26,8%) ;
  • Qozog‘istonda — eng kam ish haqi $170;
  • O‘zbekistonda — $89,5 (20,5%);
  • Tojikistonda — $73,5 (30,4%);
  • Qirg‘izistonda — $29 (6,9%).

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ikki yil ichida 3 mingta mikroGES quriladi
/
O‘zbekistonda ikki yil ichida 3 mingta mikroGES quriladi
O‘zbekistonda dollar va iyenadan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketti
/
O‘zbekistonda dollar va iyenadan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketti
Martda Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordga — $47,85 mlrdga yetdi
/
Martda Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordga — $47,85 mlrdga yetdi