17-fevral kuni Toshkentda Soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan forumda iqtisodchi Yuliy Yusupov 2019-yilgi islohotlarga qaramay, O‘zbekiston soliq tizimida biznes rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim tarkibiy nomutanosibliklar saqlanib qolayotganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, amaliyotda tadbirkorlar hanuz tizimli muammolarga duch kelmoqda. Ayrim xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida soliq rejimlari o‘rtasidagi yuklama farqi yuqori bo‘lib, bu biznesni bo‘linishga, tushumni yashirishga va umumiy soliq rejimiga o‘tmaslikka undamoqda. Yetkazib beruvchilar QQS to‘lovchisi bo‘lmagan holatlarda esa soliq amalda aylanmadan olinadigan soliqka aylanib qoladi, ustiga-ustak 15%lik foyda solig‘i kompaniyalar raqobatbardoshligini pasaytiradi.
Ekspertning qayd etishicha, ayrim kichik biznes toifalari uchun berilgan imtiyozlar — masalan, turizm hududlarida aylanmadan olinadigan soliqning 1%gacha tushirilishi — umumiy rejimda ishlovchi va 12% QQS to‘laydigan korxonalar bilan teng bo‘lmagan sharoitlarni yuzaga keltiradi. Bu esa qurilish, umumiy ovqatlanish, tashish, savdo va turizm sohalarida yashirin aylanmani kuchaytirishi mumkin.
Taklif etilayotgan yechimlar qatorida ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar uchun differensial QQS stavkalarini joriy etish masalasi ham bor. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, yo‘lovchi tashish, kommunal xizmatlar, turizm va qurilish sohalariga imtiyozli stavkalar qo‘llash taklif qilinmoqda. Mutaxassislar bunday choralar inflyatsion bosimni kamaytirishi, biznes raqobatbardoshligini oshirishi va soliq rejimlari o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishi mumkinligini aytmoqda.
Shuningdek, foyda solig‘idan taqsimlangan foydaga soliq tizimiga o‘tish tashabbusi ham muhokama qilindi. Estoniya va Gruziya tajribasiga o‘xshash bu modelda faqat dividendlar va daromad taqsimoti soliqqa tortilib, qayta investitsiya qilinadigan foyda soliqdan ozod etiladi. Ekspertlar fikricha, bunday yondashuv soliq ma’murchiligini soddalashtirishi, investitsiyalarni rag‘batlantirishi va turli soliq rejimlaridagi korxonalar uchun teng sharoit yaratishi mumkin.