Endilikda dam olmay avtomobil boshqargan havdovchilarga jarima qo‘llanilishi mumkin
Senat buning uchun 2,8 mln so‘mgacha jarima solishni haqidagi qonunni maʼqulladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo‘lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
2023-yil davomida metropolitenda 172 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 93,3 mln yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024-yilda metropolitenda 270 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 10,7 mln, shuningdek, avtomobil transportida 8 mlrddan ortiq yo‘lovchilarni tashishga erishildi. Bundan tashqari, 2024-yil davomida temir yo‘l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo‘lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.
Bu esa o‘z navbatida davlat nazoratini amalga oshirishda yo‘lovchi va yuklarni manziliga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazish, ularga xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash lozimligini taqozo etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda temir yo‘l tashishlari xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko‘rsatma berish huquqiga ega.
Jumladan, temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024-yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, mamlakatimiz avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘llari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024-yilda 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Shu bois Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 1131-modda bilan to‘ldirilib, tashishlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Muhokama qilinayotgan Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ