O‘zbekistonda 2026-yildan faqat ko‘rsatilgan chiqindi xizmatlari uchun haq olinadi

Barcha mablag‘lar Chiqindini boshqarish agentligi orqali boshqa subyektlarga to‘lanadi

O‘zbekistonda 2026-yildan faqat ko‘rsatilgan chiqindi xizmatlari uchun haq olinadi

2026-yil 1-yanvardan chiqindi xizmatlari sohasida iste’molchilarga faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.

Ta’kidlanishicha, sanitar tozalash xizmatlari sifatini oshirish va to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Mazkur tartibga ko‘ra, endilikda sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi.

Shuningdek, iste’molchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. To‘lovlardan tushgan mablag‘lar bevosita Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi.

Jamlangan mablag‘lar hisobidan haq to‘lash belgilangan subyektlar (sanitar tozalash korxonalari, poligonlar, chiqindi yoqish zavodlari, ekosanoat hududlari va boshqalar)ga alohida tartibga muvofiq hisobga olishning yagona tizimi orqali:

  • sanitar tozalash korxonalariga qattiq maishiy chiqindilarni poligonga yoki chiqindilarni qayta yuklash punktlariga topshirgani uchun (alohida tartib asosida tonna/kilometr hisobida);
  • chiqindi poligonlariga/chiqindilarni qayta yuklash punktiga/chiqindilarni yoqish zavodiga chiqindilarni qabul qilgani va utilizatsiya qilgani uchun (tonna hisobida);
  • ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga (har bir tonnasi uchun) belgilangan tartibda to‘lab beriladi.

Natijada mablag‘larning maqsadli sarflanishi, tizimda moliyaviy intizom va nazoratning kuchaytirilishi ta’minlanadi. Qolaversa, har oy yakuni bilan xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi, — deyiladi xabarda.

Baholash natijasida sanitar tozalash korxonalari “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Mazkur toifalar sanitar tozalash korxonalari uchun haq to‘lashda inobatga olinadi. Ya’ni samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori baholangan “yashil” toifadagi sanitar tozalash korxonalariga “qizil”, “sariq” toifadagilarga nisbatan ko‘proq haq to‘lanadi. Bu tartib sanitar tozalash korxonalarining KPI ko‘rsatkichlari asosida aniqlanadi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn tarzda amalga oshiriladi, ya’ni to‘lovlarni uyma-uy undirish amaliyoti to‘xtatiladi. Istisno tariqasida, internet aloqasi bo‘lmagan, olis hududlarda yashovchilar bank kassalari va “O‘zbekiston pochtasi” orqali to‘lov qilsa bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“John Deere” O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi
/
“John Deere” O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi
Andijonda $1,4 mlrdlik 4 ta yirik loyiha amalga oshiriladi
/
Andijonda $1,4 mlrdlik 4 ta yirik loyiha amalga oshiriladi
Toshkent va Nurafshon shaharlari o‘rtasida BRT yo‘lak quriladi
/
Toshkent va Nurafshon shaharlari o‘rtasida BRT yo‘lak quriladi