O‘zbekistonda 2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni uyma-uy undirish to‘xtatiladi
Internet aloqasi bo‘lmagan hududlarda yashovchilar istisno tariqasida bank kassalari va “O‘zbekiston pochtasi” orqali to‘lov qilishi mumkin
O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar jismoniy va yurdik shaxslar tomonidan faqat onlayn tarzda barcha elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.
Bu endilikda xizmat uchun to‘lovlarni uyma-uy undirish amaliyoti to‘xtatilishini anglatadi.
“Mazkur chora-tadbirlar sohada aholiga qulay to‘lov tizimini yaratish, billing hisoblarini yuritishda shaffoflikni ta’minlash va korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
O‘zgarish haqida agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi barcha sanitar tozalash korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Endi to‘lovlar faqat:
- agentlikning “Toza makon” billing tizimi;
- elektron to‘lov tizimlari;
- internet aloqasi bilan ta’minlanmagan, hudud markazidan olis masofada joylashgan aholi yashash punktlari uchun istisno tariqasida tijorat banklari kassalari, “O‘zbekiston pochtasi” AJ pochta bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ