O‘zbekiston chiqindini qayta ishlash bo‘yicha Saudiya Arabistoni va Fransiya kompaniylari bilan bitim imzoladi
Loyihaning umumiy qiymati $78 mlnga teng bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi
O‘zbekistonda xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha Saudiya Arabistoni va Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikda loyiha amalga oshiriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistonining Vision International Investment (VIIC) va Fransiyaning Suez international kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mazkur bitim xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha istiqbolli loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati $78 mlnga teng bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish ko‘zda tutilgan;
- kkinchi bosqichda chiqindidan yoqilg‘i olish (RDF — Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan;
- uchinchi bosqichda esa to‘liq miqyosdagi chiqindidan yoqilg‘i olish, issiqlik bilan ishlov berish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan.
Suez International — asosan, suv va chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan, 160 yildan ortiq tarixga ega Fransiya kompaniyasi. U butun dunyoda suv ta’minoti va tozalash, oqova suvlarni boshqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yechimlar taklif qiladi. Kompaniya Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida ko‘plab sanoat tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadi.
Vision International Investment Company — 2002-yilda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan yirik investitsiya xoldingi bo‘lib, $96 mlrd atrofidagi aktivlarni boshqaradi. Faoliyat yo‘nalishlari energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qamrab oladi.
Qayd etilishicha, mazkur bitimlar strategik hamkorlikni chuqurlashtirish, ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ