Fransiyaning “MND” kompaniyasi Bo‘stonliqda xalqaro kurort qurilishini boshladi
Shuningdek, noyabr oyida “Chimyon” kurortida “Wyndham” mehmonxonasi ishga tushiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilayotgan “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti bilan tanishdi.
Fransiyaning “MND” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha uchun 1,27 ming gektar maydon ajratilgan.
Loyiha doirasida mehmonxonalar va dengiz sathidan 3,3 ming metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu to‘liq mavsumiy turizmni ta’minlaydi. Qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Kurortdagi 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Bu yerda “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda malakali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmoqda va mehmonxonani noyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda ham xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi.
Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda. Shuningdek, 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan.
Umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi. Inshoot tarkibiga uzunligi 1,45 ming metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ