Buxorodagi oltita tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
Bundan tashqari, xalqaro brendli mehmonxona tashkil etilib, ayrim qishloqlarni rivojlantiriladi
Kapital.uz avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazgani haqida xabar bergandi.
Qishloq xoʻjaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni oʻzlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi. Bu viloyat iqtisodiyoti va eksport salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda viloyatdagi 3 mln gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish boʻyicha yangi yondashuvlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga toʻliq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 454 mlrd soʻm boʻlgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish uchun chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qoʻy va 200 bosh ot olib kelish koʻzda tutilgan.
Paxtachilik, gʻallachilik va suv tejash yoʻnalishlarida ham aniq vazifalar belgilandi. Xususan, 2026-yilda paxta hosildorligini 52 sentnerga, gʻalla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv taʼminoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 mln kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xoʻjaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.
Chorvachilikda har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga moʻljallangan zamonaviy mini fermalar tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi. Ushbu dastur doirasida 110 ta loyiha amalga oshirilib, 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi, 3 ming 750 ta yangi ish oʻrni yaratiladi va 51,5 ming tonna qoʻshimcha sut ishlab chiqarish quvvati shakllantiriladi.
Xizmatlar va aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis koʻchasi, 2 ta sohil boʻyi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yoʻl boʻyi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trln soʻm moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trln soʻm kichik va oʻrta biznesga yoʻnaltiriladi.
Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga toʻgʻri kelayotgani, viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar esa hali toʻliq ishga solinmagani qayd etildi. Jondor, Gʻijduvon, Buxoro, Qorakoʻl va Vobkent tumanlarida sohil boʻyi va yoʻl boʻyi drayver loyihalarini amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan 2026-yilda 3,5 mln xorijiy va 5,5 mln mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 mlnga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun 2026-yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi, 15 ta yangi turoperator va turagent ishga tushiriladi.
Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona tashkil etish, Shofirkon tumanida Xoʻja Orif, Buxoro tumanida Chor Bakr va Yorjon turizm qishloqlarini rivojlantirish, Buxoro shahrida Mohi Xosa turizm mahallasini shakllantirish nazarda tutilgan. Buxoro tarixiy markazida UNESСO talablariga mos alohida maʼmuriy boshqaruv tizimini joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Avstriyaning Krems universiteti bilan qoʻshma fakultet ochish, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini mazkur oliygoh boshqaruviga berish rejalashtirilgan. Bunda toʻliq dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu universitet Buxoro shahrida tashkil etilayotgan tun-u kun koʻchalarni boshqarish boʻyicha yangi modelni ishlab chiqishga ham koʻmaklashadi.
Yigʻilishda aholi sonining oʻsishiga mos ravishda uy-joy va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasi hududida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonli zamonaviy uy-joy kompleksi hamda Buxoro shahrida yangi maʼmuriy markaz tashkil qilish, “Yangi Oʻzbekiston” massivi hamda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish, Buxoro davlat universitetining yangi kampusini qurish kabi yirik qurilish va urbanizatsiya loyihalari muhokama qilindi.
Yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham qator vazifalar belgilandi. Viloyatda uzunligi 33,1 kilometr boʻlgan 7 ta aylanma yoʻl barpo etish, “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yoʻlining 78 kilometri va “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” yoʻlining 71 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, A-380 yoʻli boʻyida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” 2 ta tuman va 35 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida yoʻl, elektr, suv va sugʻorish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilishi, ushbu maqsadlarga jami 593 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026-yilda jami 4,4 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi, buning hisobiga maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi boʻyicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ