Buxoroda yangi aeroport qurish bo‘yicha tender e’lon qilindi
Obyekt shahar markazidan 26 km uzoqlikda, 377,7 gektar maydonda qurilmoqda
Buxoroisharif.uz
Buxoro viloyatida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida yangi xalqaro aeroportni qurish va boshqarish loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilindi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Hukumat tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda loyiha uchun malaka bosqichi (RFQ) doirasida arizalarni qabul qilishni boshlagan. Yangi aeroport Buxoro tumanidagi “Kumsulton” massivida joylashtiriladi va xalqaro hamda ichki reyslarga xizmat ko‘rsatadigan strategik transport tuguniga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha hujjatlariga ko‘ra, yo‘lovchi terminalining maydoni 48,5 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Terminal xalqaro yo‘nalishlarda soatiga 1,2 ming, ichki reyslarda esa 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 8 ming kub metr sig‘imli yoqilg‘i quyish xabi, yuklarni qayta ishlash zonalari, avtoturargohlar va bort oziqlantirish markazi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Davlat aerodrom infratuzilmasi ustidan nazoratni saqlab qoladi. Xususiy investor esa terminal va yordamchi inshootlarni moliyalashtirish hamda ekspluatatsiya qilish majburiyatini zimmasiga oladi. Tanlovda aviatsiya sohasida tasdiqlangan tajribaga ega kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro aeroporti 574 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, ularning asosiy qismi xalqaro qatnovlarga to‘g‘ri kelgan.
Qiymati $226 mln etib baholanayotgan yangi aeroportni 2027-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Obyekt shahar markazidan 26 km uzoqlikda, 377,7 gektar maydonda qurilmoqda. Amaldagi aeroport shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoniyati cheklangan.
Loyiha doirasida uzunligi 3,3 km bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, 20 ta samolyot to‘xtash joyi, shuningdek 29,6 km uzunlikdagi yangi avtomobil yo‘li quriladi. Ushbu yo‘l bo‘yida savdo va servis obyektlari joylashtiriladi.
Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib yo‘lovchi oqimi sezilarli darajada oshadi va yangi terminal yiliga 3 mln nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Avvalroq prezident loyiha quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi, chunki amaldagi aeroportning yillik limiti 1 mln yo‘lovchi bilan cheklangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ