Buxoro yangi aeroportini 2027-yil boshida ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Yangi aeroport soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, havo kemalari uchun 20 ta to‘xtash joyiga ega bo‘ladi
Buxoroisharif.uz
Buxoro yangi aeroportini 2027-yil birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Bizda 2026-yilda qo‘yilgan reja bo‘yicha aviaqatnovlarni yana 15% ga ko‘paytirish, 2026−2027-yillarda yangi aeroport qurib, ishga tushirish maqsadi qo‘yilgan. Uni ishga tushirish 2027-yil birinchi choragida rejalashtirilyapti, — dedi u.
“O‘zbekiston 24” reportajida aytilishicha, prognozlarga ko‘ra, Buxoro shahriga aviayo‘lovchilar oqimi 2030-yilda yanada oshishi kutilyapti. Ularga xizmat ko‘rsatishga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni ham yo‘q. Shu bois bugungi kunda Buxoro xalqaro aeroporti shahardan tashqarida, Buxoro tumani hududida yangidan qurilmoqda.
Avvalroq Uzbekistan Airports kompaniyasi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Buxoroning yangi aeroporti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish 2026-yil oxiriga rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Buxoroning yangi xalqaro aeroporti shahar markazidan 26 km uzoqlikda 307 gektar (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 380) maydonda quriladi. 2024-yil 9-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha bilan tanishib, uning quvvatini oshirish zarurligini ta’kidlagandi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi Buxoro aeroporti soatiga 400, yiliga 1 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari eskirgani uchun aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan soatiga 1200, yiliga 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi aeroport qurish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ