Toshkentda avtobuslar uchun BRT ajratish tarmog‘i loyihasi tafsilotlari taqdim etildi
Tizim taxminan 51 km uzunlikdagi 10 ta yo‘nalishda tashkil etiladi

Фото: пресс-служба Президента
Toshkent shahri hokimligi poytaxtda alohida avtobus yo‘laklari infratuzilmasini yaratish bo‘yicha yangilangan rejalarni taqdim etdi. Tafsilotlar “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida keltirildi.
Hokimning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov telekanalga bergan intervyusida umumiy uzunligi qariyb 51 km bo‘lgan 10 ta yo‘nalishda BRT (Bus Rapid Transit) tizimi yaratilishini ma’lum qildi (avvalroq 57,5 km bo‘lishi xabar qilingandi).
Ma’lum bo‘lishicha, loyihaga Alisher Navoiy va Beruniy ko‘chalari ham kiradi — ular Shota Rustaveli ko‘chasining davomi bo‘lib, u yerda 6 km dan ortiq BRT yo‘nalishi ishga tushirilgan.
Davlat rahbariga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, 2030-yilgacha quyidagi ko‘chalarda BRT tizimi quriladi:
- Shota Rustaveli (5,1 km);
- Shahrisabz (3,2 km);
- Amir Temur (5,7 km);
- Yangi Sergeli (5,3 km);
- Maxtumquli (1,3 km);
- Mirzo Ulug‘bek — Feruza — Yuzrabot (10,4 km);
- Lutfiy va Muqimiy (5,9 km);
- Nurafshon (3,7 km);
- Qoratosh — Ko‘kcha Darvoza (4 km);
- Alisher Navoiy — Beruniy (6 km).
Loyihani amalga oshirish uchun $126 mln ajratish rejalashtirilgan (ilgari bu $110 mln bo‘lishi e’lon qilingandi).
Avtobuslarning o‘rtacha tezligi 18 km/soatdan 23 km/soatgacha oshishi, intervallar esa 20 dan 8−10 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
Kapital.uz avvalroq loyiha bosqichlari haqida xabar bergandi. Xususan, birinchi bosqichida Shota Rustaveli ko‘chasi, Shahrisabz ko‘chasi (Shota Rustaveli ko‘chasining davomi), Amir Temur shohko‘chasi hamda Yangi Sergeli ko‘chasi qamrab olinadi. Ikkinchi bosqichda Maxtumquli ko‘chasi, shuningdek Mirzo Ulug‘bek — Feruza — Yuzrabot ko‘chalarida ishlar amalga oshiriladi.
Uchinchi bosqichda Lutfiy va Muqimiy ko‘chalari, shuningdek Nurafshon ko‘chasi rekonstruksiya qilinadi. To‘rtinchi bosqichda esa Qoratosh — Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari hamda Kichik halqa yo‘li — Parkent ko‘chasida ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ