O‘zbekistonda brokerlar uchun ustav kapitali bo‘yicha 1,23 mlrd so‘mlik limit joriy etiladi
Shuningdek, rahbarlarning ish stajiga va texnik ta’minotga qat’iy talablar belgilanmoqda
O‘zbekistonda investitsiya vositachilari, ishonchli boshqaruvchilar va investitsiya maslahatchilari uchun majburiy ustav kapitali talablari joriy etilmoqda. Bu haqda prezident qarori lex.uz portaliga joylandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab professional faoliyatning bitta turi bilan shug‘ullanish uchun ustav fondining eng kam miqdori 3000 BHM yoki 1,23 mlrd so‘mni tashkil etadi. Keyingi yillarda talablar bosqichma-bosqich kuchaytiriladi:
- 2027-yil o‘rtalaridan — 4000 BHM (1,64 mlrd so‘m),
- 2028-yil iyulidan — 6000 BHM (2,47 mlrd so‘m).
Agar tashkilot bir nechta professional faoliyat yo‘nalishini birlashtirsa, ustav kapitali talablari ularning soniga mutanosib ravishda oshiriladi.
Moliyaviy ko‘rsatkichlardan tashqari, kompaniyalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilangan texnik reglamentlarga ham rioya qilishi lozim. Xususan, foydalanilayotgan dasturiy ta’minot kompaniya ichida ishlab chiqilgan bo‘lsa, unga nisbatan mualliflik huquqlari hujjatlar bilan tasdiqlanishi shart. Shuningdek, bozor ishtirokchilari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish qoidalariga qat’iy amal qilishi talab etiladi.
Kompaniyalar rahbariyatiga nisbatan ham malakaviy talablar joriy etiladi. Direktor iqtisodiyot, huquq, IT yoki matematika yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi va moliya sohasida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslar yoki aybi bilan litsenziyasi bekor qilingan tashkilotlarga oxirgi uch yil ichida rahbarlik qilgan shaxslar top-menejer lavozimlariga tayinlanmaydi.
Amaldagi bozor ishtirokchilari o‘z faoliyatini yangi talablarga 2026-yil iyuliga qadar moslashtirishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ