Estoniyaning “Bolt” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda
Kompaniya mobil vositalar ijarasi va yetkazib berish xizmati bilan dunyoga mashhur
Foto: IT-Park
Estoniyaning mobillik vositalari va yetkazib berish xizmati “Bolt” O‘zbekistonda o‘zining bek-ofisini ochishi mumkin. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.
14-yanvar kuni IT Park bosh direktor Farhod Ibragimov va “Bolt” kompaniyasining jamoatchilik va davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Yuliya Malich o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonda startaplar ekspertizasini oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Texnopark xabariga ko‘ra, “Bolt” hozirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirmoqda. Malich kompaniyaning Raqamli rivojlanish vazirligi va boshqa davlat organlari bilan hamkorligidan manfaatdor ekanligini qayd etdi.
IT Park vakillari “Bolt” dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston IT-iste’dodlarini jalb qilish, shuningdek, mamlakatda potensial bek-ofisni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etishdi.
Farhod Ibragimov IT Park O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur resurslar, jumladan, xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Yuliya Malich mintaqa “ustuvor ahamiyatga ega” ekanligini ta’kidlab, aholining tez o‘sishi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi va raqamli texnologiyalar yangi investitsiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda mamlakatni “jozibador qilayotgani»ni qayd etdi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma tadbirlar, xususan, xizmat mutaxassislari tomonidan mahorat darslarini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar. Texnopark hamkorlik mamlakatda texnologik bilim darajasini oshirish va startap ekotizimini yaxshilashga xizmat qilishiga ishonmoqda.
“Bolt” kompaniyasi 2013-yilda Estoniyada tashkil etilgan, hozirda mobillik va yetkazib berish bozorida eng yirik xalqaro ishtirokchilardan biri. Uning mobil ilovasidagi xizmatlaridan Yevropa va Afrikaning 50 dan ortiq mamlakatidagi 200 mlndan ziyod mijoz foydalanadi. Kompaniya bir qator xizmatlar, xususan, taksi xizmati, karshering, elektr samokatlar ijarasi, shuningdek, ovqat va mahsulotlarni yetkazib berish kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ