Biznes bilan bir tilda gaplashamiz
Terminlarning amaliy lug‘ati
Har bir muvaffaqiyatli kompaniya ortida nafaqat raqamlar, balki so‘zlar turadi. Ayniqsa, korporativ dunyoda ishlatiladigan murakkab atamalar sizning rejalashtirish, tahlil qilish va yetakchilik qobiliyatingizga bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli KSP Consulting bu safar siz uchun korporativ boshqaruv va moliyaviy tahlilga oid atamalarning amaliy lug‘atini tuzdi. Maqsad — og‘ir tuyulgan tushunchalarni oddiy va aniq qilib tushuntirish. Bu lug‘at ish yuritishdan tortib, investorlar bilan muloqotga qadar har bir professional uchun ish quroli bo‘lib xizmat qiladi.
Raqobat ustunligi — kompaniyani boshqa raqobatchilardan ajratib turadigan va bozorda ustunlik beradigan jihatlar
Birlashtirilgan hisobot — kompaniya guruhiga kiruvchi barcha filial va sho‘ba korxonalar moliyaviy natijalarini yagona hujjatda birlashtiruvchi hisobot
Kontent marketing — mijozlarni jalb qilish va brendga sodiqligini oshirish maqsadida foydali axborot yaratish va tarqatish strategiyasi
Kontokorrent hisob — bankda overdraft bilan ishlovchi, qarz va mablag‘lar harakati birga yuritiladigan hisobvaraq
Kontrolling — kompaniya ichki resurslarini samarali boshqarish, byudjet va natijalarni monitoring qilish tizimi
Mojaroni boshqarish — jamoa ichidagi ziddiyatlarni aniqlash, oldini olish va konstruktiv yechimlar topishga qaratilgan boshqaruv yondashuvi
Korporativ madaniyat — kompaniyada mavjud qadriyatlar, odatlar va ish yuritish uslublarining umumiy majmuasi
Ijtimoiy mas’uliyat (CSR) — kompaniyaning jamiyat oldidagi majburiyatlarini anglash va ekologik, ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishi
Korporativ strategiya — butun kompaniya faoliyatining uzoq muddatli yo‘nalishlari va ustuvor maqsadlarini belgilovchi reja
Ichki o‘quv tizimi — xodimlarni rivojlantirish va malakasini oshirish uchun kompaniya ichida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari
Korporativ boshqaruv — aksiyadorlar, direktorlar kengashi va menejment o‘rtasidagi rollar, majburiyatlar va nazorat tizimini tashkil qilish uslubi
Korporativ moliya — kompaniya kapitali bilan ishlash, investitsiyalarni boshqarish va foyda taqsimoti bilan bog‘liq moliyaviy faoliyat
Bilvosita xarajatlar — mahsulot ishlab chiqarishga bevosita bog‘liq bo‘lmagan, ammo umumiy faoliyatga ta’sir qiluvchi xarajatlar
Tez qoplash koeffitsiyenti — kompaniya qisqa muddatli majburiyatlarini naqd pul va oson likvid aktivlar orqali qoplash qobiliyatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich
Tez likvidlilik koeffitsiyenti — zaxiralar hisobga olinmagan holda kompaniyaning qisqa muddatli qarzlarini to‘lash imkoniyati
Qarzdorlik koeffitsiyenti — kompaniya moliyaviy strukturasi ichida qarz mablag‘lari ulushini aniqlovchi ko‘rsatkich
Aylanish koeffitsiyenti — kompaniya aktivlari yoki zaxiralarining ma’lum davr ichida necha marta to‘liq aylanishini ko‘rsatadigan moliyaviy indikator
Qarzlarni qoplash koeffitsiyenti — kompaniyaning o‘z majburiyatlarini daromad hisobiga qanday darajada qoplashini baholovchi ko‘rsatkich
Foizlarni qoplash koeffitsiyenti — kompaniyaning operatsion foydasi yordamida kredit bo‘yicha to‘lanadigan foizlarni to‘lash qobiliyati
Joriy likvidlilik koeffitsiyenti — kompaniyaning mavjud aktivlar asosida qisqa muddatli majburiyatlarni to‘lash darajasi
Kraudfanding — ommaviy moliyalashtirish: jamoaviy sarmoya yoki ixtiyoriy to‘lovlar orqali loyihalarni amalga oshirish usuli
Ijodiy fikrlash — muammolarga standartdan tashqari yondashish, yangi g‘oyalar yaratish va innovatsion qarorlar ishlab chiqish qobiliyati
Kredit liniyasi — kompaniyaga bank tomonidan beriladigan oldindan belgilangan qarz limiti
Kredit reytingi — kompaniya yoki davlatning qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish qobiliyatini ifodalovchi baholov tizimi
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ