O‘zbekistonda birinchi AES qurilishida Italiya kompaniyasi ishtirok etadi
Ansaldo Energia xoldingi radioaktiv chiqindilar bilan ishlash sohasida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda

Фото: Известия
O‘zbekiston va Italiya atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktori Azim Ahmadxoʻjayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Italiyaning Genuya shahrida bo‘lib turibdi. 20-oktabr kuni Ansaldo Energia xoldingi va uning atom energetikasi texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniyalaridan biri — Ansaldo Nucleare rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Xolding Yevropa energetika sektorida energiya uskunalarini, shu jumladan bug‘ va gaz turbogeneratorlarini loyihalash, muhandislik, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi o‘yinchi hisoblanadi.
Kun tartibidan, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishda texnologik integratsiya va italiyalik hamkorlarning yordamchi tizimlari yechimlarini O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Italiya tomoni xavfsizlik tizimlarini yaratish va ular uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, atom elektr stansiyalari uchun asosiy va yordamchi uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha katta tajribaga egaligi, shuningdek, Xitoy, Belgiya, Sloveniya, Vengriya va Ukraina kabi mamlakatlarda AESlarni baholash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi bilan ishlashda yuqori professionallik to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Xolding kompaniyalarini O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasini amalga oshirishni nazorat qilish, shuningdek, samarali yordamchi yechimlarni ishlab chiqish uchun texnik maslahatchilar sifatida jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ansaldo Nucleare kompaniyasining o‘z ishlanmasi bo‘lgan ishlatilgan yadro yoqilg‘isini boshqarish tizimlarini olish imkoniyati, radioaktiv chiqindilar bilan ishlash sohasida kompaniya bilan o‘zaro hamkorlik qilish xususiyatlari batafsil o‘rganildi.
Shu bilan birga, Italiya tomoni milliy normativ-huquqiy bazani shakllantirish va litsenziyalash bo‘yicha maslahat faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat manfaatlari yo‘lida atom sohasida texnologiyalarni doimiy ravishda takomillashtirish va kadrlar tayyorlash maqsadida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini (ITTKI) tashkil etishga qiziqish bildirdi.
2025-yilning mayida “O‘zatom” agentligi va Italiyaning Ansaldo Energia kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangandi. Hujjat Italiya kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasini qo‘llagan holda kadrlar va ilmiy-texnik salohiyatni oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ