Markaziy bank 1 mlrd so‘mdan ortiq naqd tushumlarni yuqori xavfli operatsiya deb tan olishi mumkin
Yangi taklif yirik tranzaksiyalar va voyaga yetmaganlar hisoblaridagi pul harakatini kuchliroq nazorat qilishni nazarda tutadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash doirasida ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, ayrim moliyaviy operatsiyalarni shubhali yoki yuqori xavfli sifatida tasniflash mezonlari qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, voyaga yetmagan shaxslar (16 yoshgacha) hisoblarida ikki ish kuni ichida 40 BHM (16,48 mln so‘m)dan ortiq mablag‘ aylanmasi kuzatilsa, bunday operatsiyalar shubhali deb baholanishi mumkin.
Shuningdek, FATF tomonidan kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlardan yoki aksincha yo‘nalishda 1000 BHM (412 mln so‘m) va undan ortiq mablag‘ o‘tkazmalari ham nazoratga olinadi. Bu talab bir martalik operatsiyalarga ham, 30 kun ichidagi jami tranzaksiyalarga ham tatbiq etiladi.
Import shartnomalarida to‘lov shaklini o‘zgartirish (masalan, tovar o‘rniga xizmatlar orqali hisob-kitob qilish) bo‘yicha shubhali operatsiyalar chegarasini 20 ming BHMdan 3 ming BHMgacha (1,23 mlrd so‘m) tushirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar hisobiga 2500 BHM (1,03 mlrd so‘m) va undan ortiq miqdorda naqd pul kiritish operatsiyalari yuqori xavfli toifaga kiritilishi mumkin.
Yuridik shaxslar orasida esa nominal egalar orqali boshqariladigan kompaniyalar yuqori riskli mijozlar sifatida belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Bunday holatlar aniqlanganda tijorat banklari operatsiya ishtirokchilarini chuqur tekshiradi. Jumladan, mablag‘ manbasi, tomonlarning obro‘si, tranzaksiyalar geografiyasi va o‘zaro aloqalari tahlil qilinadi. Bu choralar moliyaviy tizimda noqonuniy sxemalarning oldini olishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ