O‘zbekistonda bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat beriladi
Xususan, kredit byurosi so‘rovlarning faqat birinchisiga javob beradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda endi bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Tegishli nizomga asosan onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi maʼlumotlarini Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida tekshiradi. Foydalanuvchi u yerdan topilmasa, jarayon davom ettiriladi.
Agar bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlari so‘rov yuborilsa, kredit byurosi faqat birinchi bo‘lib yuborilgan so‘rovga javob beradi.
Bunda birinchi so‘rov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilsa, boshqa tashkilotlarga 24 soat davomida so‘rov qabul qilinmasligi to‘g‘risida maʼlumot beradi.
Nizom talablariga muvofiq, kredit tashkilotlari mijozlar onlayn firibgarlik holatlari yuzasidan tezkor murojaat qilishi uchun bank kartalarining orqa tomonida 24 soat ishlaydigan (24/7) aloqa raqamini joylashtiradi.
Shuningdek, bank kartasini rasmiylashtirish yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda tuziladigan shartnomalar hamda ommaviy ofertalarda quyidagi majburiyatlar aniq belgilab qo‘yiladi:
— foydalanuvchiga firibgarlik alomatlari aniqlangani haqida darhol xabar berilishi;
— foydalanuvchi qurilmasi yo‘qolganini yoki unga begona shaxslar tomonidan nazorat o‘rnatilganini bilgan zahoti, kechiktirmasdan, biroq bir kundan kech bo‘lmagan muddatda bank yoki to‘lov tashkilotini xabardor qilishi;
— foydalanuvchi o‘z roziligisiz amalga oshirilgan operatsiyani aniqlaganidan so‘ng bir kun ichida bu haqda kredit yoki to‘lov tashkilotiga ma’lum qilishi.
Bundan tashqari, agar foydalanuvchi SMS-xabarnoma xizmati ulangan telefon raqamini o‘zgartirsa, kredit yoki to‘lov tashkiloti uning avvalgi telefon raqamiga xizmat o‘chirilgani, yangi telefon raqamiga esa xizmat ulanganligi haqida SMS-xabarnoma orqali ma’lumot yuboradi.
Avvalroq O‘zbekistonda onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kredit undirish to‘xtatilishi xabar qilingandi. Buning uchun ular surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb topilishi lozim. Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ