O’zbekistonda sog’liqqa xavf soluvchi biologik faol qo’shimchalar reklamalariga chek qo’yildi
Yil davomida 328 ta reklamalarda qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilgan
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi reklama materiallarining qonun xujjatlariga muvofiqligini bo’yicha yil boshidan buyon jami 2205 ta o‘rganish o‘tkazilgan.
Shundan, 328 ta reklama qonunchiligiga nomuvofiqlik holatlari aniqlanib, tegishli ko‘rsatmalar natijasida ixtiyoriy bartaraf etilgan. Qonunbuzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Jumladan, Andijonda faoliyat yurituvchi “Taraqqiyot TV” telekanali orqali “Qomus qapsulalari” biologik faol qo‘shimchasining reklamasi chalg‘ituvchi va bo‘rttiruvchi iboralar bilan berilganligi kuzatilgan.
Toshkent shahrida “Jit Zdorovo” gazetasida chop etilgan “Neofleks” BFQ reklamasi tekshiruvdan o‘tkazilganda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Namangan viloyatida “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” hamda “Gemorroid” mahsulotlari reklamasi bo‘rttiruvchi va chalg‘ituvchi iboralar asosida efirga uzatilganligi aniqlanib, hududiy boshqarmaning tegishli ko‘rsatmasiga asosan “HERBAL MED” MCHJ tomonidan qonun talablariga zid bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan hamda “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” va “Gemorroid” mahsulotlarining yangilangan reklama roligi va “aksilreklama*” berilgan.
Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida ham turli telegram kanallari (“Sirdaryo moshina bozor”, “Gulistonliklar Rasmiy”, “Guliston Olx Sirdaryo”, “Samarqandliklar_Samarqand24”, “Samarqand100”, “Nurobod OLX” ) orqali biologik faol qo‘shimchalarning (“Gemoroydan xalos etuvchi”, “Disaar”, “Stop diabet-No diabet”) qonunga zid reklamalari tarqatilgan holatlar aniqlanib, kanal adminlariga tushuntirish va ogohlantirish berildi va reklama materiallari kanallardan olib tashlandi.
*aksilreklama — noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tugatish maqsadida tarqatiladigan raddiya (Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 4 moddasi)
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ