Binance O‘zbekiston fuqarolari uchun P2P xizmatini vaqtincha to‘xtatdi
Buning sabablari ochiqlanmadi, biroq kompaniya rasmiy hamkori — Coinpay orqali faoliyatini davom ettirmoqda

Binance platformasida O‘zbekiston rezidentlari uchun P2P (peer-to-peer) funksiyasi vaqtincha o‘chirildi.
P2P orqali foydalanuvchilar vositachilarsiz o‘zaro kriptovalyuta savdosi qilishi mumkin edi — to‘lov usulini tanlab, raqamli aktivlarni bevosita sotib olish yoki sotish imkoni mavjud edi. Endilikda bu imkoniyat O‘zbekiston fuqarolari uchun vaqtincha cheklangan.
Mazkur o‘zgarishni dastlab foydalanuvchilarning o‘zi aniqlagan. Binance vakillari esa bu cheklov mahalliy qonunchilikka rioya qilish zarurati bilan bog‘liq ekanini bildirdi.
Binance P2P’da o‘zbek so‘mini (UZS) qo‘llab-quvvatlashning to‘xtatilishi kompaniyaning mamlakat qonunchiligiga amal qilishi va huquqiy me’yorlarga muvofiq faoliyat yuritishga bo‘lgan sodiqligini namoyish etishdagi muhim qadamdir, — deya ta’kidlaydi kompaniya.
Shuningdek, Binance O‘zbekistondagi rasmiy hamkori — Coinpay kompaniyasi orqali faoliyatini davom ettirmoqda. Foydalanuvchilar hali ham bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada mablag‘ kiritish va yechish imkoniyatiga ega. Kompaniya mijoz mablag‘larining xavfsizligini ta’minlashga va’da bermoqda.
Biroq, kripto-birja P2P xizmatining to‘xtatilishi sabablarini aniq ochiqlamadi. Mahalliy qonunchilikning aynan qaysi jihatlari bu qarorga asos bo‘lgani haqida ham izoh berilmadi.
Eslatib o’tamiz, “Coinpay” va “Binance” qo‘shma platformasi 2025-yilning yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonda rasman faoliyatini boshlagan edi. ILMA kripto-birjalar o‘rtasidagi hamkorlikni e’lon qilgandi. Platforma O‘zbekiston huquqiy tizimiga rasman integratsiya qilingan birinchi shunday xizmatga aylangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ