Baxmal tumanida $40 mln investitsiya hisobiga turizm klasteri tashkil qilinadi
Bundan tashqari, Do‘stlik tumanidan Aydar-Arnasoy ko‘ligacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini quriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun , 2-dekabr kuni Prezident Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo’lib o’tdi.
Majlisda Baxmalga olib boradigan yo‘l ta’mirtalab bo‘lgani uchun Zominga kelayotgan sayyohlar shu yerning o‘zidan qaytib ketayotgani qayd etildi. Ushbu tumanlardagi tog‘ hududlari yagona turizm halqasiga birlashtirilsa, Zominga kelayotgan sayyohlarning kamida yarmini Baxmalga jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi. Yuzlab servis obyekti ishga tushadi, minglab odam ishli bo‘ladi, turizm eksporti karrasiga oshadi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda “Zomin – Baxmal – G‘allaorol” yo‘lining 158 kilometr qismini ta’mirlashni boshlash topshirildi.
Baxmal tumanida 39 gektar maydonda $40 mln investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi. Umuman, Baxmalga ham “turizm tumani” maqomi berilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida yirik sohil turizm majmuasi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgani Arnasoy tumani aholisining daromadi ko‘payishiga katta turtki bergan.
Endilikda Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga Do‘stlik tumanidan ko‘l hududigacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini qurishni boshlash topshirildi.
Shuningdek, 7 mlrd so‘m hisobiga tumandagi Baxtli mahallasining infratuzilmasi yaxshilanib, turizm qishlog‘iga aylantiriladi. Hududga olib boruvchi yo‘l ta’mirlanadi, tungi yoritish chiroqlari va turizm yo‘l belgilari o‘rnatiladi, manzarali daraxtlar ekiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ