YIDXP’da avtomobil boshqaruv huquqini topshirish xizmati ishga tushdi
Endi haydovchi Face ID yoki Mobile ID orqali tasdiqlanadi, jarimalar esa bevosita unga rasmiylashtiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) avtotransport vositasini boshqarish huquqini tasdiqlash xizmati ishga tushirildi.
Hozircha xizmat portalning test bo‘limida joylashtirilgan. Uning yordamida avtomobil yoki mototsikl egasi boshqa shaxsga (amalda boshqaruvchi haydovchiga) ishonchnoma, sug‘urta polisi, ijara shartnomasi yoki yo‘l varaqasi asosida boshqaruv huquqini berish to‘g‘risida xabarnoma rasmiylashtirishi mumkin.
Boshqaruv huquqi bilan birga, transport vositasi boshqarilayotgan davrda sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari uchun javobgarlik ham amaldagi haydovchiga yuklanadi.
Boshqaruv huquqini topshirish uchun transport vositasi egasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron ariza yuborishi kerak. Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
- shaxsiy ma’lumotlar;
- avtomobil haqida ma’lumot (markasi, modeli, ishlab chiqarilgan yili, davlat raqami, ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi raqami);
- boshqaruv huquqi berilayotgan shaxs haqidagi ma’lumotlar (haydovchilik guvohnomasi bilan birga);
- huquq berish asos bo‘lgan hujjat (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi, ijara yoki karshering shartnomasi) va uning nusxasi;
- xabarnoma amal qilish muddati.
Shundan so‘ng amaldagi haydovchi arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlashi kerak. Buni elektron raqamli imzo, Face ID yoki Mobile ID orqali amalga oshirish mumkin.
Keyin ariza beruvchi yig‘im to‘lashi lozim: YIDXP orqali topshirilganda BHMning 9% (37 080 so‘m), Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda esa 10% (41 200 so‘m).
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati arizani ko‘rib chiqib, elektron xabarnoma shakllantiradi. Uning nusxasi YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboriladi. Shundan keyin amaldagi haydovchi transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi va qoidabuzarliklar uchun javobgar hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 30-martdagi qarori bilan ushbu tartib tasdiqlangan. Unga ko‘ra, boshqaruv huquqi topshirilgani haqidagi ma’lumotlar “Ma’muriy amaliyot” modulida saqlanadi.
Xabarnoma amal qilgan davrda foto va videofiksatsiya vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar bevosita amaldagi haydovchi nomiga rasmiylashtiriladi. Bildirishnomalar uning pochta manzili va telefoniga yuboriladi.
Agar chet el fuqarosi shunday tartibda boshqaruv huquqini olib, qoidabuzarlik sodir etsa, u O‘zbekistondan chiqishda jarimani to‘lashi shart bo‘ladi. Bojxona qo‘mitasi jarima to‘lanmaguncha chiqishga ruxsat bermaydi.
Avvalroq xabar berilganidek, yil yakunigacha Toshkentdagi barcha avtomobillarga ekologik stikerlar berilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ