O‘zbekistonda tadbirkorlarga qo‘llanilgan asossiz jarimalar uchun javobgarlik joriy etiladi

Bunga asossiz jarimalar ko‘p uchrashi va bu uchun jazo yo‘qligi sabab qilib keltirilmoqda

O‘zbekistonda tadbirkorlarga qo‘llanilgan asossiz jarimalar uchun javobgarlik joriy etiladi

Biznes ombudsman tomonidan tadbirkorlik subyektiga nisbatan asossiz ravishda jarimalar qo‘llagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi jamoatchilik uchun e’lon qilindi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 241−11-moddasi bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz ravishda moliyaviy jarimalar qo‘llash, agar bunday holat sud tomonidan qonunga xilof deb topilsa bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Biznes ombudsmanning ma’lum qilishicha, 2024-yil davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan asossiz ravishda qo‘llangan moliyaviy jarimalar bo‘yicha sudlarga jami 6 370 ta shikoyat arizasi kelib tushgan. Ularning 5 280 tasi birinchi instansiya sudlari tomonidan to‘liq qanoatlantirilib, natijada qariyb 1,4 trln so‘m miqdordagi moliyaviy jarimalar bekor qilingan.

2025-yilning birinchi yarmida esa sudlarga 4 738 ta shikoyat kelib tushgan bo‘lib, ularning 3 755 tasi qanoatlantirilgan va natijada qariyb 3,1 trln so‘m miqdordagi jarimalar bekor qilingan.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan nazorat qiluvchi organlar tomonidan asossiz ravishda moliyaviy jarimalar qo‘llanishi holatlari amaliyotda ko‘p uchramoqda va ushbu jarimalarni noto‘g‘ri qo‘llaganlik yuzasidan qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilanmagan.

Qayd etilishicha, ma’muriy javobgarlikning mavjud emasligi o‘z navbatida, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz va hech bir sabablarsiz moliyaviy jarimalarni qo‘llashga sabab bo‘lmoqda va ularning mas’uliyatini inkor etmoqda.

“Sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan shikoyatlarning asosiy qismi tadbirkorlik subyektlari foydasiga hal etilgani va trillionlab so‘m miqdordagi jarimalar bekor qilinganligi, mazkur muammoning dolzarbligi hamda tizimli yechim zarurligini taqozo etmoqda”, — deyiladi loyiha hujjatida.

Qonun loyihasi muhokamasi 9-noyabrgacha davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt boʻyicha startaplarga $100 mln yoʻnaltiriladi
/
Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt boʻyicha startaplarga $100 mln yoʻnaltiriladi
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
UzCardning sof foydasi 9 oyda 930 mlrd so‘mni tashkil etdi
/
UzCardning sof foydasi 9 oyda 930 mlrd so‘mni tashkil etdi