Markaziy bank asosiy stavkani yana 14% darajasida qoldirdi
Qayd etilishicha, inflyatsiya pasayishda davom etmoqda, qat’iy pul-kredit siyosati saqlanib qoladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 28-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori bo‘lib, barqaror yalpi talab asosiy omilga aylandi. Shu bilan birga, inflyatsiya pasayish tendensiyasini davom ettirib, tovarlar narxlaridagi o‘sish sekinlashdi.
Biroq xizmatlar narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuvi umumiy inflyatsiya pasayishiga xatar tug‘dirmoqda. Shu sababli Markaziy bank pul-kredit sharoitlarini hozircha qat’iy darajada saqlab qolishni ma’qul deb topdi.
2025-yil dekabr oyida yillik inflyatsiya 7,3% gacha pasaydi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7% ni tashkil etdi. Bu qat’iy pul-kredit siyosati, so‘mning mustahkamlanishi va import narxlarining ta’siri bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar dekabr oyida biroz oshgani qayd etildi. Bu holat inflyatsiyani barqaror pasaytirish uchun qat’iy siyosatni uzoqroq muddat davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakuniga kelib inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Markaziy bank, shuningdek, yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalari iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotidagi muammolar va mavsumiy uzilishlar esa narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasaymoqda, jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari kutilganidan yuqori shakllandi.
2025-yilda eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga so‘m 6,9% ga mustahkamlandi. Bu import inflyatsiyasini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga xizmat qildi.
Markaziy bank bahosiga ko‘ra, 2026-yil yakuniga borib iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5–7% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Bank tizimida likvidlik ortiqchaligi saqlanib qolmoqda. Pul bozori stavkalari asosiy stavkaga yaqin — 13,5–13,8% darajasida shakllanmoqda. Bu milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirmoqda.
Regulyator kelgusida ham inflyatsiya, yalpi talab va tashqi xatarlarni doimiy kuzatib borishini ma’lum qildi. Pul-kredit siyosati o‘rta muddatda inflyatsiyani 5% maqsadli darajaga tushirishga qaratiladi.
Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ